Hi, Guest!
Home
Login

Xayriya: Nigoraning terisini tiklashda ko‘maklashaylik!

KUN.UZ tahririyatiga 1993 yili Toshkent tumanida tavallud topib, bugungi kunda Toshkent shahrining TTZ-4 mavzesida ijarada yashab kelayotgan Akromova Nigoradan murojaat kelib tushdi. U qaynoq suvdan kuyib qolgani tufayli hosil bo‘lgan chandiqlardan, buni ustiga poliartritdan ham aziyat chekayotganini so‘zladi. Biz bemor hamyurtimiz holidan xabar olish uchun uning xonadonida bo‘ldik.

Nigoraning so‘zlariga ko‘ra, onasi Mavluda opa Qibray tumanida shifoxonada davolanayotganida, noxush hodisa ro‘y bergan. Nigora to‘satdan yiqilgani sababli gazplita ustida kirlarni yuvish uchun isitgan chelakdagi qaynoq suv ustiga quyilib ketgan. Bu 2017 yil 5 mart kuni ro‘y bergan. Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam markaziga olib kelishgan. Bu yerda tanasining 50 foizga yaqini kuygani haqida tashxis qo‘yilib, markazning kuyish jarohatlari bo‘limida davolangan.

Keyinchalik, kuyish vaqtida qattiq qo‘rqish natijasida yuragida xastalik paydo bo‘lgani EXO tekshiruvi o‘tkazilishi yordamida aniqlangan. Ayni vaqtda, 2-guruh nogironi bo‘lgan Mavluda opaga beriladigan 570 ming so‘m pensiyasiga kun kechirayotgan ona-bola ijarada turadi. 17 marta narkoz olgani sababidan immuniteti ham pasayib ketgan Nigora bir vaqtlar bog‘chada musiqadan dars bergan, turmush qurishiga 21 kun qolganida shunday taqdir sinoviga duch kelgan.

Hozirgi kunda Nigora va onasi Mavluda opa Sog‘liqni saqlash vazirligi, Dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazida terini ko‘chirish amaliyoti uchun moddiy mablag‘ga muhtoj. Shu boisdan ham, saxovatli yurt farzandlaridan, vatandoshlaridan yordam so‘rab, xayriya aksiyasi o‘tkazib berishni iltimos qilishdi. 

Azizlar, hech birimiz Nigoradek yoki boshqa bemor hamyurtlarimizdek xasta bo‘lishdan himoyalanmaganmiz. Keling, saxovatpesha, ehsonsevar, boyu-badavlat yurtdoshlar, Nigoraning shifo topishiga imkonqadar ko‘maklashaylik. Imkonimiz yo‘qlar haqiga duo qilaylik! Alloh barchamizning qilayotgan xayrlii ishlarimizga savoblarini ko‘paytirib bersin!

Mazkur xayriya aksiyasi nihoyasiga yetdi. Unda ishtirok etib, hissa qo‘shgan barcha-barchaga Alloh savoblarini ko‘paytirib bersin!

Home
0 / 18

WWW.ROL.UZ

Statok.netUzMasterS.RuUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов