Hi, Guest!
Home
Login

"175 ming so‘m evaziga nima oldim?" - Pedagogik kadrlar attestatsiyasi

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda barcha sohalarda islohotlar kuzatilmoqda, shu jumladan ta'lim sohasida ham. Biroq o‘qituvchi qadri, uning jamiyatda tutgan o‘rni, asosiy vazifasi kabilar hanuz og‘riqli nuqtaligicha qolmoqda... Yaxshisi, bu haqida mazkur kasb egasining o‘zidan eshitganingiz ma'qul. Facebook'ning  potrebiteli.uz guruhida (http://potrebiteli.uz/potrebiteli/terraprofi/detail.php?ID=41623) tajribali pedagoglardan biri 175 ming so‘m hamda imtihon evaziga olinayotgan pedagogik kadrlar attestatsiyasi masalasini ko‘tardi. KUN.UZ ushbu postni sizlar bilan bo‘lishishga qaror qildi.

"Hurmatli guruhdoshlar! Men 20+ yillik stajga ega o‘qituvchiman. Bir oy davomida attestatsiyaga qattiq tayyorgarlik ko‘rdim - baxtimga va kuchli tayyorgarlik natijasida uni muvaffaqiyatli topshirdim. Tayyorgarliklar orasida o‘qituvchilarning Telegram'dagi onlayn-guruhida muloqot qildim. U yerda attestatsiyaga nisbatan munosabatni-ku aytmay qo‘ya qolay".

Yo‘q, men barchasini ketma-ket qoralamayman va "oliy matematika" bo‘yicha testlardan shikoyat qilmayman. Ba'zi bir jihatlarini hatto maqtayman ham, lekin shu bilan birga, jarayonning salbiy jihatlariga aniq zarbalar berishga harakat qilaman.

Aniqroq deysizmi?

Narx masalasi va iste'molchi huquqlari

Joriy yildan boshlab attestatsiyadan o‘tganlik uchun 1 minimal ish haqi miqdordagi stavka rasman kiritildi. U qadar yoqimli xabar emas, biroq chidasa bo‘ladi. Xizmatlar taqdim etilishi uchun o‘z pulimizdan to‘lab (nafaqat soliq to‘lovchi sifatida, balki iste'molchi sifatida ham), iste'molchi huquqlarini qo‘lga kiritamiz. Boshqacha aytganda, men to‘langan pullarim evaziga sifatli servisga ega bo‘lishni istayman.

Xo‘sh, 175 ming so‘m evaziga nimalarga ega bo‘ldim? Ijobiy tomonlari: aksilkorruptsion jarayon va haqiqatda test topshirish uchun qulay joy (Moliya institutining ta'mirlangan binosida) va yaxshi ishlaydigan kompyuter.

Iste'molchi pullarim evaziga menga nimalar taqdim etilmadi?

Attestatsiyaga tayyorgarlik uchun testlar qo‘llanmasi;

  • Testlardan sinovdan o‘tishga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beruvchi onlayn-servis;
  • Men uchun qulay sanada attestatsiyadan o‘tish - axir barcha o‘qituvchilar ishdan chalg‘ib, darslarni o‘tkazib yuborishlariga to‘g‘ri keladi-ku! Asosiysi - biz nafaqat ishimizni, balki BOLALARni bir necha soatga tashlab ketamiz! Tanlov asosida zaxirada 2-4 kun bo‘lganda edi, o‘qituvchi o‘quv jarayonidagi yo‘qotishlarni kamaytira olgan bo‘lardi. Biroq kun va vaqtni qat'iy belgilanganda biz chorasiz qolamiz.

Pedagoglar attestatsiyasiga doir qonundagi kamchiliklar

Pedagoglar attestatsiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikda pedagoglarning daromadini kamaytirishga yo‘naltirilgan fundamental kamchiliklar mavjud.

Masalan, o‘qituvchi aprel oyida testlarni topshiradi. May oyidan boshlab, natijadan qat'i nazar, bu o‘qituvchining ish haqi mutaxassisga belgilangandek belgilanadi - va yangi toifani tasdiqlashga doir yuqori idoralar buyrug‘i chiqqunga qadar, ya'ni avgust-sentabr oyigacha minimalligicha qoladi. Biroq o‘tgan safargi attestatsiyada pedagog o‘z toifasini isbotlagan-ku, shunday ekan, avgust oyida yangi toifa berilgunga qadar shunga muvofiq daromad olishga haqqi bor.

Tayyorgarlik

Attestatsiyaga qattiq tayyorgarlik yuqori natijaga ega bo‘lishni deyarli kafolatlaydi (men va mehnatkash hamkasblarim misolida isbotlangan). Biroq... nimaga tayyorgarlik ko‘rish kerak? Aynan qanday yo‘nalishlar bo‘yicha? Qanday testlar bo‘yicha?

Tayyorgarlik ko‘rish uchun norasmiy manbalardan test namunalarini izlashga to‘g‘ri keladi. Matematika bo‘yicha savollar Telegram guruhdagi Yekaterina Ivanovnada bor; pedagogika bo‘yicha testlarni bir hafta avval Facebook'dagi Fotima opa bo‘lishgandi (bir hafta avvalgi postni qidirib topish kerak hali); ...-sonli maktabdagi hamkasblarimizda informatika bo‘yicha savollar nusxalari bo‘lishi kerak. Izlashning o‘zi anchagina vaqt oladi, shunda ham 3 mingdan ortiq savolning barchasi topilishiga kafolat yo‘q. Darvoqe, ularga javoblarni ham o‘zimiz izlashimizga to‘g‘ri keladi.

Va bu "servis" - o‘z pullarim evazigami? Bu summa toifaga topshirmoqchi bo‘lgan o‘qituvchilarni testlar qo‘llanmasi yoki hatto zamonaviy, texnologik va innovatsion Ziyonet / Edunet veb-servisi bilan ta'minlash uchun bemalol yetadi, axir (2018 yil qanday yil ekanini yodga olamiz).

Savollar va topshiriqlar

Attestatsiya savollarining ba'zilari ochiqdan-ochiq xato. Masalan, Yerdan Oygacha bo‘lgan masofa qanday? Uchinchi sinfdagi o‘quvchilarim yulduzgacha bo‘lgan masofa 150 million km atrofida ekanini yaxshi bilishadi. Biroq savol tuzuvchilar buni bilishmaydimi - har holda oliy ma'lumotli odamlar. Javob variantlari bilan tanishing: 150 km, 1000 km, 150 ming km. Pedagoglar attestatsiyasini mana shunday bilimsiz savol tuzuvchilari o‘tkazyaptimi?!

Boshqa bir misol. Siyosiy xarakterdagi savollar, shubhasiz, kerak. Biroq ularni yetarlicha mas'uliyat va aniqlik bilan tayyorlash lozim. Nima uchun o‘qituvchi u yoki bu qonun hujjati qabul qilingan aniq sanani, boz ustiga uning ijrosi uchun mas'ul shaxsni yodlab olishga majbur? Bularning bari shiddat bilan islohotlar o‘tkazilayotgan bir davrda ro‘y bermoqda. Vazirlar Mahkamasining navbatdagi muhim, lekin ikkinchi darajali qarori ijrosi nazorati uchun mas'ul amaldor nomi bilan bog‘liq qiziq holat qayd etildi. Internet to‘g‘ri familiyani chiqarib berdi... biroq, yangilikni diqqat bilan o‘qib, bu amaldor bir oy avval lavozimidan chetlatilgani, o‘tgan hafta esa tergov ostiga tushganidan xabar topdim.

Yaxshi tomoni

Axborot-kommunikatsion texnologiyalar bo‘yicha testlar to‘plamini samimiy maqtashim mumkin. Ularni nafaqat mutaxassislar, balki haqiqiy amaliyotchilar, o‘z ishining ustalari tuzgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Muntazam ravishda taqdimotlarni tayyorlovchi, elektron jadvallar bilan ishlaydigan va internetning faol foydalanuvchilari uchun vazifalar ancha sodda tuyulishi ham mumkin. Nihoyat, IT-savollar tushunarli tilda tuzilgan. Barakalla!

Agar boshqa fanlarda ham testlarni taqdim etishning shunday usuli qo‘llanganida edi, asosli e'tirozlar va ochiqdan-ochiq noroziliklar sezilarli darajada kamaygan bo‘lardi.

Ish va o‘qish: tanlov qiyinchiligi

Attestatsiyalarga tayyorgarlik davomida darslarga tayinli tayyorlana olmadim. Yuqori malakali pedagogning kundalik vazifalari orasida, masalan, o‘quv vaqtining 10-15 daqiqasi uchun taqdimotlar va boshqa ko‘rgazmali jihozlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan - bu o‘quvchilarning darsni o‘zlashtirishini yaxshilash uchun kerak. Mart oyi boshidan hatto ishchi noutbukimni ham maktabga olib borganim yo‘q. Nima keragi bor? Ikki smenali ish, 160 tadan ortiq daftarni tekshirib, hisobotlar to‘plamini tayyorlab bo‘lib, har kuni test savollarni yodlashga kirishar edim. Ularning aksariyat qismi mening onlayn-testlarimdan chiqqani ham yo‘q.

Yuqorida attestatsiyaga tayyorgarlik uchun materiallarning yo‘qligi haqida aytib o‘tdim. Nima uchun har yili abituriyentlarga chiqargandek attestatsiya savollaridan iborat qo‘llanmalarni (yoki onlayn-servis yo mobil ilova) ishlab chiqish mumkin emas? Har bir attestatsiya qilinayotgan pedagogdan olinayotgan 175 ming so‘mga buni qilsa bo‘ladi-ku!

Biz amaldagi ta'lim tizimining ayanchli ahvoli, o‘qituvchilarning yetishmasligi haqida ko‘p gapiramiz. Oxir-oqibat esa attestatsiyaga tayyorgarlik o‘qituvchilarni o‘quvchilardan ayiradi, darslarga sifatli tayyorlanish imkonini bermaydi.

O‘qituvchilarning turli qog‘ozlar va hisobotlar bilan haddan ortiq yuklanganligi masalasi ko‘p marta ko‘tarildi. Vaqt va kuchni oladigan, o‘qituvchining bevosita majburiyatlari (yoddan chiqarganlar uchun eslatma: bolalarni o‘qitish va tarbiyalash)dan yiroq bo‘lgan ko‘plab boshqa chalg‘ituvchi omillar ham bor. Shu tariqa o‘rta statistik o‘qituvchining ishchi kuni 10-12 soatga cho‘ziladi, shu bilan birga, bevosita bolalarning o‘ziga ajratiladigan vaqt tobora kamayib bormoqda.

Unisi ham mayli: maktabda 20-30 yillab mehnat qilgan, a'lochi o‘qituvchilar ketishmoqda, chunki ularning toifasini mutaxassis darajasigacha tushirishmoqda. Sabab esa ularning yetarlicha tayyorgarlik ko‘rmaganida emas, balki "o‘quvchilar yoki attestatsiya" tenglamasida ular daromad haqida o‘ylamay, bolalarni tanlaganlaridadir.

O‘qituvchilar yetishmovchiligi muammosini shunday hal qilyapmizmi?

Eng achinarlisi, bunday attestatsiya jarayonlarining qurbonlari ham bor. Buxorolik o‘qituvchi yetarlicha ball to‘play olmay, attestatsiyadan keyin o‘zini yomon his qila boshladi. Tez yordam chaqirishdi, biroq shifoxonada ayol koma holatiga tushdi, tunda esa uning joni uzildi. Aftidan, karera uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan imtihondan o‘tgan kishilarga yaxshi tanish bo‘lgan ruhiy va  aqliy zo‘riqish o‘z ta'sirini ko‘rsatgandir.

Yaxshi o‘qituvchi har qanday sharoitda ham o‘qita oladi - xoh interaktiv doska va kompyuter bilan, xoh bo‘r va oddiy doska bilan bo‘lsin. Yaxshi o‘qituvchiga hech qanday sertifikatlar, litsenziyalar, tanlovlardagi g‘alabalar kerak emas. U o‘z ishlari bilan band bo‘lgani uchun ham bular bo‘lmasligi mumkin. Va aksincha - sertifikatlarga "ko‘milib", o‘quvchilarni o‘qitishga mutlaqo layoqatsiz bo‘lish mumkin.

***

Amaldagi o‘qituvchilarning fikrini hisobga olmay tug‘ilgan O‘zbekistondagi ta'limni "optimallashtirish" g‘oyasi tobora aqlga sig‘maydigan shakllarga kirmoqda. Masalan, oliy toifa o‘qituvchisi maqomini olish uchun kerak bo‘lgan ballar miqdorini TXTB yoki ShXTBB uslubchilarining o‘zi ham to‘play olmaydi.

Ota-onalar va bolalarga qanday o‘qituvchi kerak; o‘qita oladigan, biroq rasmiy ta'sis etilgan "sifat belgisi"dan mahrum o‘qituvchimi yoki sertifikatlarga to‘la, biroq hech narsa o‘rgata olmaydigan o‘qituvchimi? Bir kishida ham u, ham buning uyg‘unlashuvi kamdan-kam uchraydi. Bolalar va ota-onalarning ehtiyojlariga javob beruvchi o‘qituvchini "o‘stirish" uchun dastlab unga yaxshi ta'lim berish, keyin esa uning bolalar bilan muloqot qilish xususiyatlarini tekshirish kerak. Bu sifat sertifikat qilinmaydi va "ta'lim mahsuloti" hisoblanmaydi.

O‘qituvchiga erkinlik bering, shaxs sifatida o‘sish imkonini yarating. Fikr yuritish va o‘z bilimlarini boyitish imkoniyati zarur unga. Pedagogika bo‘yicha bekorchi ma'ruzalarni emas, o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib, malaka oshirish uchun o‘quv kurslarini tanlash imkonini bering. O‘qituvchi o‘z ishini deb nafasi qisilmasligi va "yonib ketmasligi" uchun unga sifatli dam olish va sog‘lig‘ini qo‘llab-quvvatlash imkonini taqdim etish kerak. Bu imkoniyatlar ham ish haqi, ham huquqlar, ham imtiyozlar sifatida taqdim etilishi kerak.

Angelina Nizamova

Home
0 / 16

WWW.ROL.UZ

Statok.netUzMasterS.RuUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов