Hi, Guest!
Home
Login

Shahram G'iyosov - Murodjon Ahmadaliyev: yutuqlar, qiyinchiliklar, maqsadlar va rejalar haqida

Professional boksda faoliyatini boshlagan o'zbekistonlik ikki bokschi Shahram G'iyosov va Murodjon Ahmadaliyev yaqinda ikkinchi jangini o'tkazishdi va ikkala bokschi ham g'alabani qo'lga kiritishdi.

Sportchilar Toshkentga qaytib kelgach, KUN.UZ‘ga eksklyuziv intervyu berishdi. Bokschilar professional boksdagi faoliyati, o'tmishdagi qiyinchiliklar, oldiga qo'ygan maqsadlari va rejalari haqida batafsil gapirib berdi.

Youtube.com'da ko'rish

Mover.uz'da ko'rish

— Havaskor boks va professional boks o'rtasida qanday farqni ko'rdingiz? 

Shahram G'iyosov: —Havaskor boksdan professional boksga o'tish ancha qiyin desa ham bo'laveradi. 12-13 yil davomida boks bilan shug'ullanib, turli musobaqalar — Osiyo, Jahon chempionati, Olimpiada o'yinlaridagi ishtirokimiz orqali profi-boksga juda oson moslashib ketamiz deb o'ylagandik. Lekin xato o'ylagan ekanmiz. Chunki professional boks bu butunlay boshqa dunyo ekan. Chunki bu yerda sen 3 raund urishib, birdaniga ochkolarni kuta olmaysan. Bu yerda kamida 6, keyinchalik 8 va 10 raund, chempionlik uchun 12 raundgacha jang qilishingga to'g'ri keladi. Mashg'ulotlarda ham juda katta farq bor. 

Hozirda AQShdagi murabbiyimiz asli meksikalik Joel Dias juda ko'plab chempionlarni yetishtirib chiqargan. U yerda ertalabdan-kechgacha mashg'ulotlar o'tkazamiz. Havaskor boksda bir kunda 3 soat shug'ullangan bo'lsak, u yerda 6-7 soatlab tinimsiz mashg'ulotlar olib boriladi. Eng qiyin tayyorgarlik jarayonlari bu sparring janglarida bo'ladi. Unda 10-12 raundlab jang qilamiz. AQShda sparring janglari bu mashg'ulotlarning chigalyozdi, ya`ni boshlanish paytini bildiradi. Havaskor boksda biz mashg'ulotlarni sparring janglar bilan tugatsak, u yerda mashg'ulotlar aynan 10-12 raundlik janglar bilan boshlanib keyin, mashqlar boshlanadi. Professional boks menga nimani o'rgatdi deb so'rashsa, birinchi navbatda chidamlilikni o'rgatdi, degan bo'lardim.

Murodjon Ahmadaliyev: — Professional boksga o'tish menga u qadar qiyinchilik tug'dirgani yo'q. To'g'ri o'ziga yarasha qiyinchiliklari bor edi, ammo men yangi yo'nalishga tayyor bo'lib borgandim. Albatta mashg'ulotlarda katta farq bor. Shahram aytganidek ular o'zgacha va juda uzoq bo'ladi. Janglarga chiqish qiyin emas, aynan mashg'ulotlar juda murakkab bo'ladi. Chunki jangda aynan mashg'ulotlarda ishlangan, o'zingiz bajarib ko'rgan ishlarni bajarasiz. Mashg'ulotlardagi qiyinchiliklar sabab, jangda oson bo'ladi.

Nasib bo'lsa, professional boksda ham O'zbekiston desa, butun dunyo bilishi uchun harakat qilamiz.

— Yana bir qiyinchilik tug'dirishi mumkin bo'lgan jihat bu yangi joyga moslashish edi. Adaptatsiyada qiynalmadingizmi?

Shahram G'iyosov: —Adaptatsiya qiyin kechdi albatta. O'zbekistondan birinchi bo'lib Nyu-Yorkka uchib bordim. Avvaliga bir necha takliflar bo'lishiga qaramasdan, ularga rozilik bermasdan o'zim barchasini borib ko'rishni istadim. Haqiqiy professional boks dunyosini, promouterlik dunyosini o'z ko'zim bilan ko'rishni istadim. Ular boksni biznes deb qarashadi. Aynan shularni hammasini ko'rish uchun, Vasil Lomachenkoni jangini tomosha qilish bahonasida promouterlar bilan gaplashib oldim. Keyin Las-Vegasda va oxiri Los-Anjyelesga borib, boksning eng mashhur promouterlari bilan gaplashdim, barcha shartlarini eshitib, o'zimga eng ma`qul bo'lgan «Mir boksa» «World of Boxing» promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzoladim. Shu o'rinda yangi yetishib chiqayotgan yosh sportchilarga maslahat. Agar siz mana shunday professional shartnomalar imzolamoqchi bo'lsangiz, barcha shartlari bilan o'zingiz tanishib oling. Chunki, bu yerda sizni chuv tushirishga, aldashga urinadiganlar juda ko'p bo'ladi. Yaxshilab o'rganib olmasangiz, keyin pand yeb qolishingiz mumkin.

Adaptatsiyaga keladigan bo'lsak, biz yashaydigan Los-Anjyeles iqlimi O'zbekistonga o'xshab ketadi. Havosi issiq. Eng kamida +20 daraja bo'ladi. Ayni kunlarda issiqlik +35, +40 darajagacha chiqdi. Toshkent bilan 13 soatlik farqi bor. Boshida uyquga biroz qiynaldim. Ovqatlari ham albatta o'zimizning osh, qazi mantilarga yetmaydi. Lekin o'sha yerda ham ovqatlariga o'rganib ketdik. Los-Anjyelesda o'zbekcha ovqatlarga o'xshab ketadigan oshxonalar bor, lekin haqiqiy o'zbekcha restoranni uchratmadim. Nyu-Yorkda esa boshqacha. U yerda juda ko'plab o'zbeklarni, o'zbek oshxonalarini ko'rish mumkin. Jangga chiqishdan oldin u yerga bordik, o'zbekistonliklar bilan ko'rishdik, milliy taomlarimizni yedik. Nokautlar o'z-o'zidan kelgani yo'q, o'sha yerda iste`mol qilgan osh somsalarimiz bunga yordam berdi deb o'ylayman.

Murodjon Ahmadaliyev: — Meni ham bir promouterlik kompaniyasidan taklif bo'lgandi. Ammo takliflari menga ma`qul bo'lmagandi. Shundan keyin Shahram o'zi shartnoma tuzayotgan promouterlik kompaniyasini taklif qildi. U bilan doim terma jamoalarda birga tayyorlanganmiz. Yaqin o'rtoqmiz. Bu moslashishim uchun oson bo'lishini hisobga olib keyin ularning taklifiga rozilik bildirdim. Shahram menga juda katta yordam berdi desam ham bo'ladi.

Har bir joyda qiyinchilik bo'ladi. Eng asosiysi barchasiga moslashib o'rganib oldik. Kelajakda oldimizga maqsad qo'yganmiz: chempion bo'lamiz. Shahram ham, men ham kamarlarni yutamiz degan niyatimiz bor. Xudo xohlasa barchasiga erishamiz.

— Nega aynan «Mir boksa» promouterlik kompaniyasini tanladingiz?

Shahram G'iyosov: — Ayni vaqtda bu kompaniya «World of Boxing» nomi ostida sobiq bokschi Evander Holifildning kompaniyasi bilan birga ishlamoqda. AQShga borganimda juda ko'plab takliflar oldim. «Golden Boy», «Top Rank». Lekin men eng ma`quli aynan «World of Boxing» taklif qilgan shartnoma bo'ldi. Chunki ular men qo'ygan barcha talablarni bajarishdi. Barcha sharoitlarni yaratib berishdi. Hozirda menedjyerim Vadim Karnilov bilan birgalikda ishlamoqdamiz. Uning tavsiyasiga ko'ra, ham taklifga rozi bo'ldim. Bu kompaniya o'z bokschisi uchun pulni ayamaydi. Barcha sharoitlarni yaratib beradi. Hozir AQShdagi promouterlik kompaniyalari ichida reytingi eng baland promouterlik kompaniyasiga aylangan. Hattoki mashhur «Top Rank»dan ayni vaqtda reytingi baland.

— Til borasida muammolar bo'lmayaptimi? Mashg'ulotlardan vaqt yo'q dedingiz. Lekin shunga qaramay, moslashish uchun ham ingliz tili kurslariga bormayapsizmi?

Shahram G'iyosov: — Murabbiylarimizning inglizchada beradigan barcha ko'rsatmalari, tavsiyalarini tushunamiz. Boks tilini o'rganib bo'lganmiz. Ko'chada biroz qiynlyapmiz, albatta. Lekin restoranlarda ovqat buyurtma qilishda, taksilarda manzilni tushuntira olyapmiz. Ammo bemalol muloqotda hozircha muammolar bor. Menedjyerimiz ham ingliz tilini to'liq o'rganish kerakligini aytdi. Chunki intervyularda hozircha tarjimon yordam beryapti. Lekin boksda tezroq ko'tarilish, muxlislarga yoqish uchun ham ingliz tilida erkin muloqot qilish kerak.Endigi safar AQShga borganimizda ingliz tili kurslariga qatnashni ham reja qilganmiz.

— Olimpiada o'yinlarida qatnashish istagi borligini aytdingiz. Bunday holatda professional boksga o'tmay turish kerakmidi, balki... Professional boksdagi faoliyatingizga bu xalaqit qilmasmikan?

— 2016 yilgi olimpiadada ikkinchi o'rinni olganimdan so'ng, o'zimga-o'zim so'z bergandim: men Olimpiadani mag'lubiyatsiz tark etmayman. Keyin jahon chempioni bo'ldim va shundan so'ng o'zim uchun yangi chorlovga ehtiyoj sezdim. Niyat qildimki, AQShga borib O'zbekistondagi barcha kamarlarni yutib, mutlaq chempion bo'lgan sportchi bo'lish. Hozirgacha bunday bokschi bizdan chiqmagan. Buni uddalashni niyat qildim. 

Milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov bilan ko'rishganimda, ular menga hali olimpiada o'yinlari uchun keraksan, degan gapni aytdilar. shundan so'ng men ham rozilik bildirdim va olimpiada oltin medalini qo'lga kiritishga va`da berdim. Sportchi uchun eng asosiy cho'qqi Osiyo, Jahon va olimpiada chempionligi bo'lishi kerak. Ikkitasida oltin, bittasida kumush medal yutdim. Xudo xohlasa, professional boksdagi promouterlarim ruxsat berishsa, olimpiadada ham qatnashib, oltin medalni qo'lga kiritish niyatim bor.

— Murodjon, sizda ham shunday niyatlar bormi? Ko'pchilikning fikricha, havaskor bokschilar ichida uslub jihatdan aynan sizni professional boksga eng tayyor deb hisoblashardi. Shunday holatda ham qaytishingiz mumkinmi?

Murodjon Ahmadaliyev: — Men ham Umid Ahmadjonov bilan ko'rishdim. Ular menga Olimpiadada qatnashishni taklif qildi. Agar promouterlarimiz ruxsat bersa, albatta qatnashamiz, deb va`da berdim. Albatta har bir sportchi uchun Olimpiadada ishtirok etib, unda g'alaba qozonish eng katta orzu bo'ladi. Agar nasib qilgan bo'lsa, unda ishtirok etib, oltin medalni qo'lga kiritishga harakat qilamiz.

Shahram G'iyosov: — O'zi AQShga borganimizdayoq u tayyor bo'lib borgandi. Masalan menda tezlik, texnika yaxshiroq bo'lishi mumkin. Ammo zarba kuchi bo'yicha professional bokschilardan orqadaman. Ammo Murodjon 20-25 jang o'tkazgan professional bokschilar bilan urushib ko'rdi, ularning hech biridan zarbasi kam emas. Shunda murabbiylarimiz hazillashib, «sen o'zi havaskor boksdan keldingmi, yo anchadan beri professional boks bilan shug'ullanasanmi?, deyishgandi.

— «Kaka». Nega aynan shu laqabni tanlagansiz?

Murodjon Ahmadaliyev: — Yoshligimdan futbolga qiziqaman. Mahallada do'stlarim bilan ko'p futbol o'ynardik. Dadam menga «Real» Madrid yarimhimoyachisi Kakaning futbolkasini olib bergandi. O'sha futbolkada futbol o'ynardim. Boks mashg'ulotlariga qatnashardim. Keyinchalik Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga o'qishga kirganimda ham hamma aytilishi oson bo'lgani uchun Kaka deb chaqirishni o'rganib olishgandi. Shundan buyon Kakaman. Hozirgi kunda murabbiyimiz Toni Dias Murodjonning qisqartmasi sifatida MJ degan nikneymni tanlab berdilar. Bu aytilishga ham osonroq.

Shahram G'iyosov: — 2011-12 yillargacha buning asl ismi Murodjon ekanini bilmaganman. Kaka bo'lsa kerak ismi deb o'ylardim. Bir kuni murabbiyimiz Marat Galiyevich, Murodjon, bir qadam oldinga chiq, deb qoldilar. Shunda hayron bo'ldim, kim ekan bu Murodjon deb. Qarasam bu chiqib kelyapti. Iya bu Kaka-ku deb hayron qolgandim.

— «Wonder Boy» taxallusining tarixi qanday bo'ldi?

— Birinchi jangimda 7 soniyadayoq raqibimni mag'lub etganimdan keyin murabbiylarim menga, buni qanday qilding. Qanday mo'`jiza bu deb aytishdi va shunday so'ng «Wonder Boy» «mo'`jizakoor bola» degan nomni tanlab berishdi.

— O'sha jangdagi g'alabangiz turli gap-so'zlarga sabab bo'ldi. Hattoki ijtimoiy tarmoqlarda Shahram o'zini pi-ar qilish uchun atayin shunaqa raqib tanladi, degan topildi...
— O'zim ham bunday gap so'zlarni eshitdim albatta. Lekin aslida unday emas. Agar ko'rgan bo'lsangiz, o'sha jangda birinchi apperkot zarbam raqibga tegdi. Shunday so'ng uning jigariga urdim. Jangdan keyin shifokorlar undan so'rashganida boshim aylanib, jigarim qattiq og'riq sezdi, deb aytibdi.

— Keyingi rejalar qanaqa? Navbatdagi jangni qachon o'tkazmoqchisizlar?

Murodjon Ahmadaliyev: — Iyulda. Ikkalamiz bitta shouda jang qilamiz. Jang yoki Las-Vegasda, yoki Nyu-Yorkda bo'lib o'tadi.

Shahram G'iyosov: — May oxiri, iyunning boshlarida yana AQShga uchib ketishni rejalashtiryapmiz. Iyul oyining o'rtalarida yana birgalikda bitta shouda jang o'tkazamiz.

Bir kun oldin hech kim tanimagan oddiy bir yigitlar, bitta musobaqa natijasida mashhur bo'lib ketishdi. Intervyular, dastxatlar, muxlislar olqishi, suratga tushishlar... Bunday vaziyatda yulduzlik kasaliga chalinish ham mumkin. Yulduzlik kasaliga chalinmagan taqdiringizda ham qandaydir o'zgarishlar bo'ladi. Shunday vaziyatda havolanib ketmasdan o'tib olish uchun nimalar qilish mumkin?

— Rio olimpiadasi yo'llanmasini qo'lga kiritgunimga qadar meni mahallam va ba`zi tanishlardan boshqa hech kim tanimasdi. Lekin Olimpiadadan keyin barchasi o'zgarib ketdi. Bizni aeroportda ajoyib tarzda kutib olishdi. Intervyular har xil tadbirlarga taklif qila boshlashdi. Ko'chalarda tanib suratlarga tushishga taklif qilishardi. Bu biz uchun kutilmagan holat edi. Albatta bu har bir sportchi uchun orzu. Chunki har bir sportchi, uning ota-onasi o'g'lim shunday yutuqlarga erishsa, televizorlarga chiqib intervyular bersa, degan orzusi bo'ladi. Xuddi shu holat bo'layotgandi.

Lekin istasangiz ham endi oldingidek bo'la olmaysiz. Baribir o'zgarishingizga to'g'ri keladi. Chunki sizni birdaniga 10ta joyga taklif qilishadi. Ularning bittasiga bora olishingiz mumkin. Yoki yo'q deyishga, yoki ortga surishingizga to'g'ri keladi. Shunaqa vaziyatlarda bizni noto'g'ri tushunganlar bo'lishi mumkin. Ammo, Xudoga shukr, hech kim oldimizga kelib, Shahram, yoki Murodjon yulduzlik kasaliga chalinibdi, deyishmadi.

Murodjon Ahmadaliyev: — Xuddi aeroportda kutib olishganidek, Namanganda Chustda ham shunday kutib olishlar bo'lgandi. Odamlar to'plangan. Hamma bayroqlarda chiqqan. Albatta bularning barchasi odamga yoqimli bo'ladi. Shahram aytganidek har bir sportchining o'z oldiga qo'ygan maqsadi bo'ladi. Ota-onasi farzandining muvaffaqiyatini ko'rishni, uni TV qarshisida ko'rishni istashadi. Elshod Rasulov qo'li singanida ham, Osiyo chempioni bo'lganida onamga so'z bergandim: men ham xuddi Elshod akadek muvaffaqiyatlarga erishaman, O'zbekiston bayrog'ini balandaga ko'taraman, deya. Xudoga shukrki, qaysidir ma`noda bo'lsada, orzuimga erishdim. Maqsadim yo'lida harakat qildim. Hozirgacha muxlislar ko'chada, tadbirlarda ko'rib qolishsa, ular bilan gaplashishga, suratga tushishga harakat qilamiz. Imkon qadar hammaga bir xil muomalada bo'lamiz. Xudoga shukr, hammasi joyida.

56 kgda Murodjon Ahmadaliyev bitta chiqadi. Yoki 69 kgda Shahram G'iyosov bitta chiqadi. Lekin o'rtada 100lab bokschilar ma`lum sabablarga ko'ra, boksni tashlab yuborishadi. Bo'lishi mumkin, kimdir yoshlar o'rtasidagi musobaqada Shahramni mag'lubiyatga uchratgan bo'lishi mumkin. Lekin ular bugun sportda emas. Umuman mana haqiqiy professional sportchiga aylanish bosqichiga ko'plab sportchilarning yetib kela olmasligiga sabab nima?

Shahram G'iyosov: — Zo'r savol bo'ldi. Anchadan buyon bu masala haqida savol bo'lmagandi. Rostdan ham, turli yoshdagi musobaqalarda biz ham ko'p mag'lubiyatlarga uchraganmiz. Juda ko'plab iqtidorli sportchilar bilan duch kelganmiz. Lekin sportchi o'z oldiga aniq bir maqsad qo'ymasa, u ko'zlagan niyatiga yeta olmaydi. Agar sportchi o'zining yon daftarchasiga kelajakda chempion bo'laman. Eng katta sovrinlarni yutaman deb, yozmasa va har doim shuni eslab turmasa u qanchalik iqtidorli bo'lmasin, zo'r sportchi bo'la olmaydi. Avvallari 64 kg vaznda ringga chiqardim va O'zbekiston chempionatida Fazliddin G'oibnazarov bilan finalda duch kelib qolganman. Ikki do'stmiz, hech qachon bir-birimizga qarshi urushmaganmiz. Lekin bu safar kimdir yutishi kerak. Kim g'olib chiqsa, Olimpiadaga yo'llanma beruvchi musobaqada qatnashishi kerak edi. Jang shu darajada bo'lganki, hech kim g'olib kimligini bilmagan. Ammo Fazliddinning tajribasi ustun kelgan va uni qo'lini baland ko'tarishgandi. O'shanda bo'ldi, olimpiadaga bora olmayman. Boksni tashlayman degan fikr ham xayolimga keldi. O'shanda yaqinlarim 69 kg vaznda hali yo'llanma qo'lga kiritilmaganini aytishgan va shunday imkoniyatni sinab ko'rishim mumkinligini aytishgandi. Lekin u vaznda ham kuchli sportchilar bor edi. Isroil Madrimov ham aynan shu vaznda ringga chiqardi. Boshida ikkilanganman. Lekin ortga yo'l yo'q edi. Ammo nasib qilgan ekan, bugungi darajaga qadar yetib keldim. Agar o'shanda ota-onam, yaqinlarim menga dalda bo'lmaganda, qo'llab-quvvatlamaganda, sportni butunlay tashlab, boshqa ish bilan shug'ullanib ketgan bo'lishim mumkin edi. Sportchi uchun uning eng yaqin insonlarining qo'llab-quvvatlashi ham muhim...

Intervyuning to'liq ko'rinishini KUN.UZ‘ning YouTube‘dagi sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Azamat Murodov suhbatlashdi.

Home
0 / 19

Rol.uz Universal Portal

Statok.netUzMasterS.RuUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов