“Federatsiya prezidenti Ronalduga ovoz berishni buyurdi” — Qatar bosh murabbiyi
Qatar terma jamoasi bosh murabbiyi Fahad Abdulla Al-Zarraa “Oltin to‘p” nomzodlariga ovoz berish jarayonida unga bosim o‘tkazilganini aytdi. Bu haqda Sports.ru xabar berdi.
Foto: The Guardian
“Men Qatar Futbol Federatsiyasi prezidentidan, FIFA prezidenti Yozef Blatterning obro‘sini saqlab qolish uchun, Krishtianu Ronalduga ovoz berish to‘g‘risida ko‘rsatma oldim. Bu bizga jahon chempionatini o‘tkazish huquqi berilgani uchun minnatdorlik belgisi edi, — deya murabbiy so‘zlarini keltiradi Lancenet.
Qatar mamlakati nomidan ovoz bergan barcha mutaxassislar (milliy terma jamoa murabbiyi, jamoa sardori va muxbiri) Krishtianu Ronalduni birinchi pog‘onaga qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina terma jamoasi ustozi Mixail Fomenkoning ovozlari uning intervyusi bilan bir xil bo‘lmagandi. Keyinroq esa murabbiyning o‘zi kimga ovoz berganini yodidan chiqargan bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgandi.