Toshkentda 1918—1940-yillarning ijtimoiy plakatlari ko‘rgazmasi ochiladi
Toshkentdagi Rossiya fan va madaniyat markazi (RFMM)da “Sharq plakatlari” ko‘rgazmasi ochiladi. RFMM matbuot xizmatiga tayangan holda Podrobno.uz nashrining xabar berishicha, ko‘rgazmada 1918-yildan 1940-yilgacha yaratilgan plakatlar taqdim etiladi.
Bu plakatlar keng ommaga tanish emas. Ikki Jahon urushlari o‘rtasidagi davrda yaratilgan plakatlar hozirgi kunda qimmatbaho tarixiy hujjat hisoblanadi.
O‘rta Osiyo, Kavkaz va Volga bo‘yi davlatlarida yashovchi xalqlar uchun yaratilgan plakatlar o‘ziga xos uslubga ega. Yorqin, obrazli, avangard uslubidagi plakatlar odamlarnining e’tiborini jalb etgan, o‘zining tashviqot funksiyasini to‘liq bajargan. Plakatlarda o‘sha paytdagi yordamga chorlash, mehnatkashlarning birdamligi kabi mavzular yoritilgan. Ulardagi jumlalar rus, qozoq va boshqa bir necha tillarda yozilgan.
Barcha plakatlar Rossiya zamonaviy tarixi davlat markaziy muzeyi va “Marjani” Fondining kolleksiyasidan olingan fotonusxalar shaklida namoyish etiladi. Mazkur ko‘rgazma Rossiya fan va madaniyat markazi, Rossiya zamonaviy tarixi davlat markaziy muzeyi va “Marjani” Fondi tomonidan tashkil etildi.
Ko‘rgazma Rossiya fan va madaniyat markazi binosi (V. Vohidov ko‘chasi, 53-uy) da 17-yanvar kuni soat 16:00da ochiladi. Ko‘rgazmaga kirish bepul.