“Daryo” oqshomi: Saylov va bayram sabab qayta tiklanayotgan postlar, o‘zini osib qo‘ygan sobiq “zamhokim”, O‘zbekistonni jahon chempioni qilgan futbol murabbiyi vafoti
Kun dahshatlari. Jizzaxda mast holda yotgan qizni bir necha avtomobil bosib ketdi. Marg‘ilon shahar hokimining sobiq o‘rinbosari o‘z uyida osilgan holda topildi. Buxoroda 6 yoshli bola shifoxonada vafot etdi, uning singlisi esa komada — sabab sifatida is gazi ko‘rsatilmoqda. Toshkentda 25 kunlik chaqalog‘idan ayrilgan ona shifoxona ustidan shikoyat qildi — vazirlik holat yuzasidan tekshiruv boshladi. Meksikada bir kunda rekord darajada ko‘p — 127 qotillik qayd etildi. Samoada ommaviy qizamiq epidemiyasi 50 dan ortiq bolani hayotdan olib ketdi... Ha, kun shunday dahshatli bo‘ldi.
“Qurildi, buzildi”lar. Xabaringiz bor, O‘zbekiston bo‘ylab 2018-yil boshida yopilgan nazorat postlari qayta tiklanmoqda — shu munosabat bilan IIV tushuntirish berdi va fuqarolardan “vaqtinchalik o‘zgarishlarni to‘g‘ri tushunishni” so‘radi; kecha oqshomda Tashkent City’dagi Kongress-xoll tomi qulagani haqida xabarlar tarqalgan edi — Siti ma’muriyati ham, shahar hokimligi ham bu xabarlarni rad etdi. Jizzaxda esa bir necha xonadonni suv bosdi — hammasiga chiqindilar sababchi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston nogiron-amputantlar terma jamoasini jahon chempioniga aylantirgan murabbiy vafot etdi. Rustam Qoriyev 68 yoshda edi. Nogiron-amputantlar futboli va uning jahon chempionati FIFA tomonidan tan olinmasa-da, Qoriyev boshchiligidagi jamoa qayd etgan tarixiy natijalar hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi.
“Odamiylik” rukniga: Malayziyalik ayolning otasidan esdalik bo‘lib qolgan kupyurasi o‘g‘irlab ketilganidan bir yil o‘tib egasiga qaytarildi. Surxondaryoda “Qizil kitob”ga kiritilgan Buxoro bug‘usi mahalliy aholi xonadoniga kirib qoldi — ayiq bo‘lganida, kim bilsin, balki o‘ldirib qo‘yishardi, lekin bug‘uni hozircha Termiz hayvonot bog‘ida saqlashmoqda.
O‘qish qat’iy tavsiya etiladi: Bangladeshdagi genotsid, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi urush va Bhuttoning rasmiy uzri — Uchinchi Hindiston va Pokiston urushi tarixi; 3-dekabr — tarixda birinchi yurak ko‘chirish operatsiyasi bajarilgan sana. Bu yuragi xasta minglab odamlarga umid bag‘ishlagan edi; “Telegram’ga qaravoring”: Twitter’dagi o‘zbekistonliklar o‘zlariga kelgan so‘nggi eng qiziqarli SMS’lar bilan bo‘lishdi — buni ko‘rish kerak!