Hi, Guest!
Home
Login

G‘arb tamoyillarini ko‘r-ko‘rona import qilib bo‘ladimi?

Telekanallarimizdan birida diniy ahkomlardan biri kulgi qilingani ijtimoiy tarmoqlarda munozaralarga sabab bo‘ldi. Ba'zilar televideniyechilarning yonini olib, so‘z erkinligiga ishora qilgan bo‘lishsa, boshqalar bunday masalalarga bu kabi yondashuv nojoizligini ta'kidlashdi. Mavzu ko‘pchilikni befarq qoldirmadi va unga hatto chet elda ishlaydigan ba'zi yosh o‘zbek olimlari tomonidan munosabat bildirilib, ular vaziyatga g‘arb tamoyillaridan kelib chiqqan holda baho berishga urinishdi. 

Ilmiy yondashuv ehtiyoji

G‘arb xalqlarining dunyoqarashi va musulmon xalqlarining dunyoqarashi – bu ikkisining o‘rtasida muayyan farqlar mavjud bo‘lib, mazkur farqlarni bilish, tasnif va tahlil qilish ijtimoiy voqeligimiz taqozo qilib turgan vazifadir. Har bir sohada ilmiy yondashuv shart bo‘lganidek, mazkur nozik sohaga ham shunday – ilmiy yondashuv lozim.

Dunyoqarashlar orasidagi tafovutni hisobga olmasdan birining unsurlarini boshqasiga ko‘r-ko‘rona, o‘rganishsiz, tadqiqsiz o‘tkazish mas'uliyatsizlik va noilmiy yondashuvga misol bo‘la oladi. Ilmiy yondashuv bu yerda qanday bo‘ladi?

Ijtimoiy (jamiyatga doir) masalalar ko‘rilayotganda xalqning ma'naviy konsepsiyasi – dunyoqarashiga oid jihatlari atroflicha o‘rganilishi, tahlil qilinishi va hisobga olinishi lozim. Bizning holatimizda xalqimizning chuqur, ming yillik qadriyatlar ta'sirida hosil bo‘lgan dunyoqarash paradigmasini tadqiq qilish, hisobga olish, so‘ng mulohaza qilish – masalaga aynan ilmiy yondashish bo‘ladi.

Ho‘lni quruqdan ajratib olish ehtiyoji

Xalqimiz ongida isloh bo‘lishi kerak bo‘lgan narsalar ko‘p. Ammo o‘sha – isloh bo‘lishi lozim bo‘lgan narsalar nima, degan savolga tadqiqotsiz javob berib bo‘lmaydi. Binobarin tadqiqsiz hech narsani isloh qilib ham bo‘lmaydi.

«Isloh» tuzatish degani, demakki «isloh» tushunchasi zarar keltirayotgan narsani zararsizlantirishni nazarda tutadi. Jamiyatga zarar keltirayotgan tushunchalarni zararsizlantirish uchun avvalo ularni tasnif etmoq zarur. Zero busiz har qanday tadbirni obektiv ilmiy nazar emas, balki sub'yektiv istak-xohishlar harakatga keltiradi.

Xalqimizga zarar keltirayotgan tushunchalar, bular – hech bir asosi yo‘q, ongsiz ravishda ilakishib qolgan narsalar – stereotiplar ekanini tushunmog‘imiz lozim. Ular bilan kurashish – ongli jamiyat uchun burch.

Ammo, bulardan boshqa – sof dinimiz ta'sirida shakllangan jihatlar ham bor. Ular ongsiz ravishda emas, balki ongli ravishda, asosga suyangan holda xalqimiz ongida shakllangan – stereotip emas. Bu ikki narsani bir-biridan ajratib olish lozim. Olim va mutaxassislarning  ishi bu yerda – stereotiplar va xalqimizning muhim ma'naviy ustunlarini bir-birdan ajratib olish, aralashtirib yubormaslik. Bunday muhim sohada noilmiy yondashuv bizni muammolar girdobida qoldiradi, yaxshilikka aslo omil bo‘lmaydi.

Ya'niki, ilmiy yondashuv bo‘lmasa stereotiplar o‘rniga xalqning haqiqiy ma'naviy ustunlariga qarshi bilmasdan urush ochib qo‘yish mumkin. Bu esa xalqning o‘zi bilan kurashish kabi.

G‘arbning «jinslar tengligi» modeli bizga to‘g‘ri keladimi?

Kuni kecha Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va teng imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Loyihada «erkaklar va ayollar tengligini ta'minlash sohasidagi xalqaro huquq normalariga rioya etish» ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, unda «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga va xalqaro huquq normalariga zid urf-odatlar, an'analar va madaniyatga asoslangan xulq-atvorga yo‘l qo‘yilmaydi», deya ta'kidlanadi.

Masalaga yuzaki emas, teranroq nazar tashlashga urinamiz.

Jins bo‘yicha har qanday diskriminatsiyaga barham berishni har bir oqil kishi qo‘llab-quvvatlaydi, albatta. Ammo bunga erishish uchun g‘arb mamlakatlari tomonidan qabul qilingan tamoyillar yakka-yu yagona – universal vositami? Holatni ko‘rimli shaklga keltirish uchun o‘zimizda tamoyil va uslublar mavjud emasmi?

G‘arb xalqlari o‘z tafakkurlaridan, o‘zlariga xos bo‘lgan tafsilotlar ta'sirida yuzaga kelgan urf-odatlaridan kelib chiqib hayotlarini tartiblovchi, o‘zlariga ma'qul kelgan me'yorlarni qabul qilishgan. Va bu me'yorlar, e'tibor bersak, hozirda aksar – turli sohalarga oid xalqaro konvensiyalarning asosini tashkil qilib turibdi.  

Mazkur tamoyillarni yoppasiga – tadqiq va tahlilsiz bizning o‘zgacha ma'naviy zaminimizga ko‘r-ko‘rona o‘tkazish, import qilish holatni isloh qilish emas, balki, aksincha, muammolarning uzundan-uzoq zanjirini keltirib chiqarish, ziddiyatlarga mubtalo bo‘lishdir. Zero bu xalqimizning daqiq, latif, asosli qadriyatlarini inkor qilish bilan barobardir.    

O‘zgarib borayotgan g‘arb tamoyillari

G‘arb tamoyillari yil sayin o‘zgarib, «evolyutsiya»ga uchrayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. 50 yil avval g‘arb xalqlari tafakkurida favqulodda salbiy baholangan narsalar bugun qonun bilan himoyalanadigan, ularga salbiy qarash qilganlar esa jazoga tortiladigan holatga keldi va bu jarayon davom etmoqda.

Bir jinsli nikohlarning rasman tan olinishi, maktablarda bolalarga «jinslar tengligi», ya'ni, «har bir inson o‘z jinsini o‘z xohishicha belgilashi», «har kim o‘zi xohlagan jinsdagi inson bilan oila qurishi» kabi tushunchalar dars qilib berilayotgani bunga misol. Mazkur tamoyillar g‘arb tafakkurining tadrijiy, ta'bir joiz bo‘lsa, tabiiy evolyutsiyasi natijasi bo‘lib, bu g‘arb dunyosining, qaysidir ma'noda, tanlovidir. Ammo bu tanlovga sekin-asta «umuminsoniy qadriyatlar» tusi berilib, hamma uchun barobar vojib maqomga ko‘tarilyapti.    

Ayollar erkaklar bilan tengma-teng ishlab pul topishi kerakligi, hech bir jihatda ayolga alohida ko‘z bilan qaralmasligi kerakligi, imtiyozlar nazarda tutilmasligi – bularning hammasi g‘arb xalqlarining mavjud ma'naviy tizimidan kelib chiqqan, «ayollar huquqlari» tushunchasining ular tushungan shaklidir. Mazkur tushunchalarga biz ham ergashishimiz kerakmi?

Bizda ayol kim?

Ulamo ajdodlarimiz tadqiq va tahlil etgan Islom ta'limoti bo‘yicha ayol avvalo jamiyatning eng ustuvor vazifasi – yangi avlod tarbiyasiga mas'ul qilingan va bunda, ta'bir joiz bo‘lsa, ayol yangi avlodni ko‘kragiga bosib, qalb qo‘ri bilan uning – yangi avlodning ruhiga birinchi ozuqani berishga, ma'naviy nizomini shakllantirishga safarbar etilgan. Ya'ni, millatning kelajagi tom ma'noda ayol qo‘lida deb bilinadi.

Bunday buyuk vazifani bajarish uchun ayol boshqa yuklardan ozod etilgan bo‘lib, «bir dunyo» boshqa tashvishlar erkakning zimmasiga yuklatilgan. Shu yerdan ma'lum bo‘lyaptiki, gap «ayolni uyga qamab qo‘yish» haqida ketmayapti, balki unga o‘z mas'uliyatini mukammal ado etishi uchun sharoit yaratish haqida ketyapti.                                  

Muammolar zanjiri

Yaqin tarix shohid – o‘tkan asrda aholisi musulmon bo‘lgan ba'zi mamlakatlarda o‘tkazilgan o‘ziga xos «tajribalar» – zamonaviylashtirish vajida xalqni eski stereotiplaridan xalos qilishga urinish bilan birga, birato‘la – «ho‘l-u quruqni» ajratmasdan – ma'naviy asoslarga ham qarshi qilingan urinishlar natijasida ko‘plab ko‘ngilsizliklar, qurbon berishlar bo‘ldi.

Ammo ezilgan, urilgan xalqning azaliy ma'naviy asosi vaqti kelganda o‘z so‘zini aytdi, qaytadan nish urib chiqdi. Zamonaviylashtirish haqiqiy ma'naviy asoslarga qarshi kurashish bilan kechmasligi kerakligi o‘z isbotini topdi. Voqelik ko‘rsatyaptiki, haqiqiy asoslar o‘zi mustahkam bo‘ladi.

Tarixiy darslardan kerakli xulosani chiqarib, mazkur fundamental masalaga nisbatan ehtiyotli bo‘lish, teran, ilmiy yondashish achchiq xatolarni takrorlamaslikka omil bo‘ladi.   

Stereotiplar va ularga yechim

Stereotiplarga ba'zi misollar. Xalqimizda, masalan, qaynona-kelin munosabatlari ko‘rimsiz shakllangan va ularning turgan-bitgani stereotiplardan iborat bo‘lib, dinimiz ahkomlarining teppa-teskarisidir. Zero dinimizda ota-bola, er-xotin, qo‘shnichilik kabi o‘zaro haq va majburiyatlar aniq va ko‘rkam shaklda belgilangan bo‘lib, qaynona-kelin munosabatlari ham shular qatorida – qaynona dinimiz bo‘yicha urfimizda kelin ustidan mavjud bo‘lgan «haq»larning deyarli hech qaysisiga ega emas.

Bu stereotipni ketkazish uchun g‘arb uslubini qo‘llab tashviqot qilish emas, balki dinimiz uslubida tushuntirish ishlarini olib borish masalaning to‘g‘ri yechimi bo‘ladi.

Boshqa misol. Oilada ayolning topganiga yashaydigan, buni o‘ziga joiz biladigan erlar ko‘paygan hozir. Bu tobora stereotipga aylanib boryapti va turfa ijtimoiy hamda ma'naviy muammolarni urchityapti. Holbuki bu dinimizda mutlaqo joiz emas – dinimiz bo‘yicha oilaning barcha moddiy ehtiyoji er kishining zimmasida.

Shu bilan birga, ayol kishi o‘z ayollik hilqatiga to‘g‘ri keladigan mehnatni qilib pul topishiga yo‘l ochilgan. Ammo, shunisi e'tiborliki, dinimizda ayol kishi topgan puliga o‘zi xo‘jayin va er ayolining puliga egalik qilishga, oila sarfini ayoliga yuklashga haqqi yo‘q. Mazkur va shu kabi boshqa diniy tamoyillar to‘g‘ri targ‘ib qilinsa xalq ongida bir qancha stereotiplar barham topadi. O‘g‘il bolalar yoshligidan er kishi zimmasida qanday majburiyatlar borligini bilib voyaga yetishadi.

Yangicha yondashuv ehtiyoji

G‘arb ma'naviy tamoyillari g‘arb xalqlarining tarixi, buguni, o‘ziga xosliklari ta'sirida shakllangan va ularni ko‘r-ko‘rona, mutlaqo o‘zgacha ma'naviy muhitga, o‘zgacha tafsilotlar ta'sirida shakllangan muhitga «ko‘zni yopib olib» o‘tkazish – noilmiy yondashuv bo‘lib, davlat va jamiyatni tubsiz ziddiyatlarga giriftor qilib qo‘yishi o‘z isbotini topgan haqiqat. Ziddiyatlar esa millatning quvvatini oluvchi eng katta salbiy omillardandir.

Inchunun, milliy tiklanishimizning hozirgi bosqichida har bir ijtimoiy-ma'naviy ahamiyatli qarorlar yaxshi o‘ylangan, ilmiy ko‘rikdan o‘tgan, asrlar davomida shakllangan ma'naviy o‘zligimizni, millatimiz ruhining asosi bo‘lmish ustunlarni e'tiborda tutishi lozim. Zero, bunday yondashuv har jihatdan qaralganda ham manfaatli bo‘ladi. Mana shunday yondashuvni yangicha yondashuv degim keladi.

Shokir Sharipov

Home
0 / 36

WWW.ROL.UZ

Statok.netUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов