Hi, Guest!
Home
Login

Keraksiz matohni qadrli buyumga aylantirish san'ati – Kun.uz'da «Optimist» loyihasining ilk soni

Kun.uz o‘z yo‘nalishida yutuqlarga erishayotgan, hayotga pozitiv nigoh bilan qaraydigan, qiyinchiliklarni nekbin ruhda yengib o‘tishga harakat qiladigan, yangicha fikrga ega yoshlar haqida hikoya qiluvchi «Optimist» loyihasini boshlamoqda.

Loyihaning birinchi qahramoni – Toshkentda kichik shaxsiy ustaxonasiga ega Muzaffar Yusupov.

U keraksiz narsalarni qayta ishlab, ularni odamlarga qadrli buyumlarga aylantirishning yangicha yo‘lini topgan. Har xil ko‘chma chiroqlar, sovg‘a qutilari, taklifnomalar yasaydi. Turli bo‘yinbog‘lar ham tikadi.

«Ustaxona sharoitida ishlayotganimga ko‘p bo‘lmadi. Lekin ilk ishlarimni bolaligimda – mehribonlik uyida tika boshlaganman. Rang-baranglikni va uni odamlarga ulashishni yaxshi ko‘raman.

Asosiy xomashyoni ko‘chadan topib olib kelaman. Kesilgan yoki arralangan yog‘och bo‘laklarini, shoxlarni yig‘ib kelib, turli narsalar yasayman. Bundan tashqari, keraksiz qutilar, bo‘shagan idishlar yoki turli qismlarni ham yig‘ib, har xil ko‘rinishdagi suvenir, ko‘chma chiroqlar yasayman», – deydi suhbatdoshimiz.

Muzaffarning aytishicha, keraksiz buyumlarni saralayotgan paytda odamlar har doim ham to‘g‘ri munosabatda bo‘lavermaydi.

«Mana shu keraksiz chiqindilardan chiroyli narsalar yarata olishimga ishonaman», – deydi u.

«Har bitta ishimning ismi bor»

«Ba'zi ishlarimni 2-3 oy davomida yasayman. Ba'zilari esa muttasil va tez mehnat bilan yaratiladi.

Masalan, gazeta ko‘rinishidagi ko‘chma chiroqni 16 soat davomida to‘xtamasdan yasaganman. Yoki milliy naqshdagi ko‘chma chiroqlar ham ishlov berish uchun ko‘p vaqt va e'tibor talab qiladi.

G‘ishtdan yasalgan ko‘chma chiroq uchun ham ancha vaqtim ketgan. Chunki g‘isht juda qattiq bo‘lgani uchun unga ishlov berish oson emas.

Bu narsalarni sotishni umuman xohlamayman. Chunki ularni odamlarga ko‘rsatmoqchiman. Har bitta ishimning o‘z ismi bor».

«Boshqalar ustimdan kulishiga imkon qoldirmaganman»

«Eng birinchi tikkan ishim eshak bo‘lgan. Juda chiroyli chiqqani uchun tarbiyachimiz olib qo‘ygandi. Keyin bilsam, bizga homiylik qilishni xohlagan insonlardan biriga bolalar nomidan sovg‘a sifatida bergan ekanlar. Shundan so‘ng juda ko‘p narsalar tika boshladim.

Ba'zida bolalar o‘yinchoq tikayotganim uchun ustimdan kulishardi. Men esa o‘zimni xafa qildirmaslik uchun futbol o‘ynashni yaxshi o‘rgandim va ulardan o‘zib ketdim. Keyinchalik stol tennisi, badmintonda ham yaxshi natijalar ko‘rsatdim», – deya bolalik xotiralarini esladi qahramonimiz.

Nega aynan Cherchill brendi?

Muzaffar yaratgan narsalarini Uinston Cherchill brendi bilan tanitishni xohlaydi. Uning aytishicha, Britaniya tarixidagi eng taniqli bosh vazirlardan biri umri davomida eng ko‘p bo‘yinbog‘ taqqan inson sifatida tarixda qolgan.

«Bo‘yinbog‘larni mehr bilan tikaman. Cherchil esa uni umri davomida taqib yurgan», – deya izoh berdi u.

Qahramonimiz yaqin orada o‘z ishlari taqdimotini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Uning eng asosiy maqsadlaridan biri – milliy naqshda o‘zbek brendini yaratish.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Home
0 / 16

WWW.ROL.UZ

Statok.netUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов