Hi, Guest!
Home
Login

Janubiy Koreyadagi vatandoshlar bilishi kerak bo‘lgan 10ta tavsiya

Kun.uz'ning Janubiy Koreyadagi muxbiri Eldor Vohidov «Koreya kundaligi» ruknidagi navbatdagi maqolasida bu mamlakatga o‘qish yo ishlash uchun kelayotgan vatandoshlar bilishi tavsiya etiladigan o‘nta muhim ma'lumotni sanab o‘tadi.

1.  Hech qachon o‘z nomingizdan boshqalarga texnik qurilmalar olishga ruxsat bermang!

Koreyada uyali aloqa vositalarini hech qanday boshlang‘ich to‘lovsiz sotib olish mumkin. Pulini oyma-oy to‘lab turish sharti bilan, cheklovsiz internetga ulanish imkonini beruvchi zamonaviy smartfonlarni osongina qo‘lga kiritsa bo‘ladi. Bunday uslubda smartfon sotib olishni qisqagina qilib «Line phone» deb atashadi.

Ushbu tartib mamlakatga endigina kirib kelgan har qanday sodda insonni o‘ziga tortishi tabiiy. Aslida buning salbiy jihati yo‘q, muammo yuzaga kelishiga sabab esa rasmiylashtirish jarayonidagi tovlamachilik yoki ishonchni suiste'mol qilish holatlarida kuzatiladi.

Shu mavzuda gap ketganda yuragim ortga tortaveradi. Bir emas, ikki bor chuv tushdim. Koreyaga kelgach, ba'zi ish-yumushlar sabab notanish kishilar bilan yaqin aloqalar shakllanib qolar ekan. Xuddi shunday, men juda ishonchli deb bilgan insonga 6 oylik shartnoma asosida yangi rusumdagi mobil telefonni mening nomimdan olishiga rozilik bergandim. Oylik to‘lovlarni muntazam bajarish u kishining bo‘ynida edi. Yaqinda bu voqeaga bir yil bo‘ladi, men esa telefon qarzini uz, deya ortidan quvib yuribman.

Xulosa shuki, har qanday vaziyatda ham o‘z nomingizdan boshqa birovga avtomashina, mobil telefon yoki boshqa qurilmalar olishga ruxsat berish – katta xato.

Mamlakatda noqonuniy yashayotgan insonlar: «Moddiy masalalarni o‘zim qoplayman, shunchaki, mashina yoki mobil telefonni sening nomingga rasmiylashtiraylik» kabi takliflar bilan chiqib qolishlari mumkin. Ruxsat berishdan oldin, yuqoridagi holatlarni inobatga oling. Ogohlik zarar qilmaydi.

Gadjetlar bilan bog‘liq yana bir dolzarb masalalardan biri – «Line phone» telefonlarini sotish jarayoni bo‘lib, bunda savdo menejyerlarining yolg‘on gapirishi yoki muhim ma'lumotni atayin berkitish hollari xaridorga qimmatga tushadi.

«Bir oydan keyin uzdirib tashlasangiz bo‘ladi, bepul Wi-Fi o‘rnatib beramiz, sovg‘aga yana bitta smartfon» – eng ko‘p ishlatiladigan yolg‘onlar shular. Achinarlisi, bu ishlarni har doim ham begonalar emas, ba'zan o‘zimiznikilar ham qilayotgani. Shunday ekan, unutmang, shoshib qaror qabul qilish zararingizga ishlashi mumkin.

2.  Raqamli Koreyani his eting, xizmatlardan zamonaviy uslubda foydalaning

Janubiy Koreya – shubhasiz, dunyoning eng innovatsion davlatlaridan biri. Bu yerda «qog‘oz-ruchka» yo jamoat transporti uchun chipta ko‘tarib yurish yarashmaydi. Imkoniyat bor ekan, innovatsiyalarni chinakamiga his etish kerak. Ammo biz olamshumul qulayliklarlar haqida emas, kundalik turmushda doim asqotadigan jihatlarga e'tibor qaratamiz.

Shaharlararo jamoat transporti yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Poyezd yoki avtobusdan foydalanishda kassaga borib bilet olish shart emas. Mobil telefonga maxsus ilovani o‘rnatgan holda o‘z rejangizga ko‘ra oldindan xarid qilishingiz mumkin.

«KorailTalk» poyezd uchun, «고속버스 티머니» avtobus uchun qo‘l keladi. Shahar ichkarisidagi jamoat transporti to‘liq elektron tizimga o‘tkazilgan. Bu haqda «Koreya kundaligi» ruknidagi avvalgi maqolalarda batafsil to‘xtalgan edik.

Internet bank – kredit kartalardan foydalanish hali to‘liq urfdan qolmagan bo‘lsa-da, ko‘pchilik onlayn to‘lov tizimini ma'qul ko‘rmoqda. Mobil ilovalar orqali to‘lovlarni oson va tez amalga oshirish mumkin. O‘tkazmalar KakaoPay, NaverPay yoki har bir bankning o‘z ilovasi orqali bajariladi.

Koreyani onlayn savdosiz tasavvur qilish mushkul. «Coupang» – koreyslarning «Amazon»i. Bu ilova haqida ortiqcha to‘xtalishga hojat yo‘q. Ta'kidlab o‘tmoqchi bo‘lganimiz shuki, aksariyat yangi foydalanuvchilar sotib olingan mahsulot ko‘ngildagidek chiqmasligi ehtimoli borligi uchun ham bu xizmatdan foydalanmasligini aytishadi. Qolaversa, aksar onlayn do‘konlar o‘z faoliyatini faqat koreys tilida olib boradi.

Koreys tilini bilmaslik yoki tajribasizlik oqibatida ko‘ngildagidek mahsulot sotib ololmagan yurtdoshlar diqqatiga: Har bir onlayn savdo turida mahsulotni muqobil boshqa turiga almashtirish yoki kichik jarima evaziga butunlay qaytarib yuborish xizmati mavjud.

Shaxsiy tajribamda ham bu hol kuzatildi. Saytdagi tovar sharhiga yetarlicha tushunmay, arzonligiga qiziqib olganim – «Airpods» quloqchinlari aslida faqatgina chap quloq uchun mo‘ljallangan, bir dona quloqchin bo‘lib chiqdi. Ustiga ustak quvvatlagichi ham yo‘q. Uch kun ichida qaytarib yuborish mumkin bo‘lsa-da, eplay olmaganimiz uchun deyarli 90 dollar qulog‘ini ushlab ketdi. Foydaga qolgani esa yaxshigina dars bo‘ldi!

Davlat idoralari xizmatidan foydalanishda aholi vaqtini tejash uchun onlayn navbat tizimlari yo‘lga qo‘yilgan. Chet el fuqarolari tez-tez kelib turadigan Immigratsiya idoralari ham shular jumlasidan. Hikorea.go.kr sayti orqali oldindan navbat band qilib qo‘yib, soatlab kutib qolishning oldini olsa bo‘ladi.

3. Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq masalalar

Chet elliklar uchun Koreyada turar joy masalasini hal qilishning asosan 3 xil yo‘li bor: talabalar yotoqxonasi, mehmonxona yoki kvartira. Yotoqxona va mehmonxona bo‘yicha ko‘p narsa tushunarli. Biz kvartira ijarasining muhim jihatlariga e'tibor qaratamiz.

Ma'lum muddat bitta joyda yashash uchun «pudongsan» bilan qonuniy shartnoma tuziladi. Vizangiz turi qanaqaligidan qat'i nazar, shartnomani qisqaroq muddatga tuzish kerak.

Odatda bunday uylarga kirish uchun oldindan 300-1500 dollar atrofida depozit puli qo‘yiladi. Belgilangan muddat mobaynida shartnoma shartlari buzilmasa, mazkur depozit qaytariladi. Aks holda, qonuniy jihatdan siz talabgor bo‘la olmaysiz.

Rejalaringizga qarab, masalan bir yil shu manzilda istiqomat qilish niyatingiz bo‘lgan taqdirda ham 3 oylik shartnoma tuzish mas'uliyatni biroz bo‘lsa-da yengillatadi. Chunki ikki-uch oy o‘tgach, turli sabablar bilan boshqa shaharga ko‘chib o‘tish zarurati tug‘ilishi ehtimoli bor.

Yana bir muhim qoida. Koreya Respublikasi qonunlariga ko‘ra, bir hududdan boshqa hududga ko‘chgan payt 14 kundan kechiktirmagan holda shaxsni tasdiqlovchi ID-karta ma'lumotlariga yangi manzilni kiritish talab etiladi. Shu muddatni o‘tkazib yuborib, jarima to‘lagan yurtdoshlarimiz ham yo‘q emas.

4. Haydovchilik guvohnomasisiz mashina boshqarish tavsiya etilmaydi

Tan olib aytish kerak, juda ko‘p hamyurtlarimizni haydovchilik huquqini beruvchi hujjatlarsiz avtomobil boshqaruvida ko‘rish mumkin. «Shuncha yildan beri haydab yuribmiz, birov g‘ing demadi» deya fikr bildiradiganlar ham uchrab turadi. Ha rost, YHX xodimlari yo‘q, haydovchilar deyarli hech qachon tekshirilmaydi. Lekin ko‘za kunda emas, kunida sinadi, degan maqol bor. Singanda ham butunlay chilparchin bo‘lib ketishi mumkin.

Haydovchi tajribali bo‘lishi, xato qilmasligi mumkindir balki, lekin boshqa bir haydovchining aybi bilan avtohalokat yuzaga kelgan taqdirda aybdorlik hujjati yo‘q tomonga burilib ketadi.

Birgina guvohnomaning yo‘qligi ma'lum muddat (1-3 yil)ga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilish yoki 10 ming dollargacha jarima bilan jazolanishi mumkin.

Xudo ko‘rsatmasin, mabodo siz boshqarayotgan avtomobil ishtirokida halokat sodir bo‘lsa, o‘zingizni yo‘qotmay darhol vaziyatni qo‘lga olish, mashina to‘qnashgan nuqtani, narigi mashina ichkarisini, avtoraqamni suratga tushirish tavsiya etiladi.

Ba'zan shunday hollar ham bo‘lganki, avtohalokatga uchragan ikkinchi tomon mashinada yosh bola bor edi, qo‘rqib ketdi, deya odatdagidan ko‘proq tovon puli talab qilgan.

5. Ogoh bo‘ling: «Ish topib beramiz!»

Mehnat munosabatlari Koreyaga borayotgan hamyurtlarimizning aksariyatiga taalluqli. Ishga ehtiyoj bor ekan, ish topib beradigan ishbilarmonlarning ham ovi baroridan kelaveradi. Ammo shunday kishilar ham borki, insofni bir chetga surib, faqat o‘z manfaatlarini o‘ylaydi.

Juda ko‘pchilik yurtdoshlarimizning shikoyatiga sabab bo‘layotgan muammo – begona emas, o‘zimizning shovvozlar tomonidan bo‘layotgan tovlamachilik holatlaridir.

Kimdir yo‘q ishga joylashtirish evaziga haq olib, qochib qolsa, boshqa birov mehnatkashning oyligidan doimiy ravishda ma'lum miqdorni undirib boradi.

Mening tajribamda ham shunga o‘xshash holat yuz berdi. Qo‘shni davlat vakillari Koreyaning chekkaroq shaharchasida ochilgan yangi oshxonaga oshpaz sifatida ishga taklif qilishdi. Darsdan tashqari qulay vaqtda ishlashimga, mo‘may kunlik maoshga kelishgandik. Puxta o‘ylamay biznes boshlagani sabab bir oy ichida bankrot bo‘ldi, foyda uyoqda tursin, qarz bilan chiqdi. Biz ham ishlagan vaqtimizga kuyib qolaverdik, taxminan $800 ish haqi berilishi kutilgan edi… Tovlamachilik bo‘lmasa-da, mehnatimiz evaziga haq ololmadik.

Bu kabi holatlar asosan talabalar bilan, mehnatning turli shakllarida uchrashi mumkin. Tavsiyamiz esa tushunarli: ehtiyotkor bo‘ling, ishga kirishdan oldin so‘rab-surishtiring.

Eslatib o‘tamiz, Koreyadagi mehnat turlari haqida ruknning avvalgi maqolalarida batafsil yoritilgan edi.

Koreyadagi vatandoshlar bilishi kerak bo‘lgan 10ta tavsiya (2-qism)

Eldor Vohidov,
Kun.uz muxbiri.

Rukndagi turkum maqolalar:

Home
0 / 26

WWW.ROL.UZ

Statok.netUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов