Hi, Guest!
Home
Login

Shimoliy Koreyada yangi shahar paydo bo‘ldi. Hukumat uni sivilizatsiya timsoli deb atadi

Samjiyonda 4 ming oila istiqomat qilishi mumkin / EPA

Shimoliy Koreyada zamonaviy sivilizatsiya modeli deb atalayotgan yangi Samchjiyon shahrining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

«Baland ovozdagi «Ura!» hayqirig‘i jo‘rligida Samchjiyon markazi osmonini bezatgan salyutlar otildi va sharlar uchirildi», — deb yozadi Koreyaning Markaziy telegraf agentligi.

Binolar qurilishida mehnat qilgan quruvchi harbiylar diviziyasi marosim qatnashchilari qarshisidan saf tortib o‘tishdi.

NK News portalida ma'lum qilinishicha, mahalliy OAVda Kim Chen In shahar qurilishida faol ishtirok etgani, quruvchilar va dizaynerlarga ko‘rsatmalar berib borgani va ob-havodan qat'iy nazar qurilishga muntazam ravishda tashrif buyurib turgani ta'kidlab o‘tilgan. 

Koreya markaziy telegraf agentligi (TsTAK) ma'lumotiga ko‘ra, shaharda 4 ming oila yashashi mumkin, yuzlab gektar maydonda 380ta mavze, tog‘-chang‘i trassasi, stadion va boshqa turli obektlar joylashgan.

Ammo bunday namunaviy shahar qurilishida majburiy mehnatdan foydalanilgani haqida ma'lumotlar bor.

Davlat nashrlari ko‘targan shov-shuvlarga asoslanilsa, ushbu shahar aholisining asosiy qismi qashshoqlikda yashaydigan Shimoliy Koreya uchun xos bo‘lmagan shahar bo‘ladi.

Tog‘-chang‘i trassasida odamlar shahar ochilishini  nishonlashmoqda / EPA

NK News nashri muxbiri Kolina Zvirkoning tasdiqlashicha, Shimoliy Koreya uchun ushbu shahar sotsializmda qurilgan, zamonaviy sivilizatsiyaning timsolidir.

«Bu yerda mamlakatning boshqa joyida uchramaydigan chiroyli, toza fasadlar, jimjimador qilib bezak berilgan binolar mavjud. Turist bu yerda Pxenyan yoki boshqa shaharlardagi xunuk manzaralar bilan to‘qnashmaydi», - degan u Bi-bi-siga.

Samjiyon - katta shahar emas, diametri atigi 2-3 km, uni piyoda kezib chiqish mumkin.

Kim Chen In rasmiy ochilish marosimida / REUTERS

Kim Chen In ikki yil muqaddam Samjiyonga kelgan va bu yerda katta qurilish loyihasini amalga oshirish ishlari boshlanishini e'lon qilgandi.

Samjiyon noldan boshlab qurilmagan, avval uning o‘rnida boshqa shaharcha bo‘lgan. Ayrim binolar qaytadan qurildi, ayrimlari butunlay buzib tashlandi va ularning o‘rniga yangilari barpo etildi.

Bundan avvalroq davlat nashrlari bu yerda 450dan ortiq yangi binolar, jumladan, sanoat obektlari va ko‘ngilochar tomoshalar uchun binolar foydalanishga topshirilishi haqida ma'lum qilgandi. Bu yerga boshqa joydan odamlar ko‘chib kelish-kelmasligi haqida ma'lumotlar yo‘q. Shuningdek, bu yerda avval qancha aholi istiqomat qilgani ham ma'lum emas.

Samjiyon namunaviy shahar deb atalmoqda / REUTERS

Ushbu shahar qurilishiga sarflangan mablag‘ miqdori ham ma'lum emas. Ammo shahar qat'iy sanksiyalar sharoitida qurilganidan kelib chiqilsa, hukumat ushbu loyihaga katta umid bildirgan.

Zvirkoning aytishicha, sanksiyalar tufayli qurilish materiallari va boshqa resurslar yetishmovchiligiga qaramay hukumat qurilish ishlarini davom ettirgan.

Ayrim joylarda hali qurilish davom etmoqda / REUTERS

Uning aytishicha, qurilish ishlarida majburiy mehnatdan foydalanilgan.

«Biz mahalliy aholi majburlab ishlatilgani dalillarini uchratdik. Bu hatto mahalliy nashrlarda ochiq aytilgan, ammo xabarlarda odamlar ko‘ngilli bo‘lib ishlagani madh etilgan», deydi u.

Aytish kerakki, Shimoliy Koreya aholisi bunday loyihalarda majburan ishlatilishi yoki «milliy loyihalar» uchun xarajatlarni cho‘ntagidan to‘lashi yangilik emas.

«Taomilga ko‘ra, odamlar barchasiga bo‘ysunadi, ayrimlar pul evaziga majburiy safarbarlikdan qutulib qolishi mumkin», deydi Zvirko.

Loyihaning ahamiyati nimada?

Shimoliy Koreya hukumati bu shaharni boshqa shaharlar aholisi uchun namuna sifatida taqdim etgan.

Qurilishlar uchun ushbu joy tanlanganining sababi u Shimoliy Koreyada muqaddas sanaladigan Pektusan tog‘i etagida joylashgan.

Afsonalar va rasmiy biografiyaga ko‘ra, ushbu tog‘dagi partizanlarning maxfiy qarorgohida Kim Chen Inning otasi, mamlakatning sobiq yetakchisi Kim Chen Ir tug‘ilgan. Kim Chen Irning haykali yangi shahardagi markaziy joylardan birida o‘rnatilgan.

Sovetlar va xitoylar arxiv ma'lumotlariga ko‘ra esa Kim Chen Ir 1941 yilda Xabarovsk o‘lkasidagi Vyatskoye qishlog‘ida tug‘ilgan va uning bolaligi shu yerda o‘tgan.

Home
0 / 33

WWW.ROL.UZ

Statok.netUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов