Hi, Guest!
Home
Login

O‘zbekistonda asal iste'moli aholi jon boshiga qanchaga to‘g‘ri kelishi ma'lum qilindi

«O‘zekspomarkaz»da Xalqaro press klub tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi sessiyada ma'lum qilinishicha, asalarilarning zotini yaxshilash borasida Ukrainadan 2 ming 450ta «karpat», Germaniyadan 125ta «karnika» zotli naslli ona-arilar keltirildi. Ilmiy maqsadlar uchun esa Germaniyadan mahalliy sharoitga moslashishni o‘rganish uchun 50ta «bakfast» zotli onalar olib kelindi. Yil davomida 19 ming tonnadan ortiq asal yetishtirildi. Hozirda asal iste'moli aholi jon boshiga 0,56 kilogrammga to‘g‘ri kelmoqda.

Tadbirda ta'kidlanishicha, o‘tgan 10 oy ichida asalarichilik sub'yektlari soni 14 ming 430taga, asalari oilalari soni esa 816 mingtaga yetkazildi. 300 ming dollar miqdordagi asalarichilik sohasida ishlatiladigan zamonaviy uskuna va jihozlar, mumparda va mum mahsulotlari bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan holda import qilindi.

Sherali Suyarqulov

«2018-2019 o‘quv yilidan boshlab Farg‘ona davlat universiteti va Samarqand veterinariya tibbiyot institutida «Asalarichi-zootexnik» mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash boshlandi. Barcha hududlarda bittadan kollejlar belgilanib, o‘rta ma'lumotli asalarichilar ta'lim olish uchun «Asalarichi-zootexnik» mutaxassisligi bo‘yicha bir yillik o‘qish tashkil etildi. Chet ellik mutaxassislar kollej o‘qituvchilari uchun asalarichilik kursini o‘qitish metodikasi bo‘yicha seminarlar o‘tkazdi. Ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va talabalar almashish maqsadida Rossiya, Isroil va Ukrainaning ilmiy va o‘quv muassasalari bilan gorizontal aloqalar o‘rnatildi», deya «O‘zbekiston asalarichilari» uyushmasi raisi Sherali Suyarqulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Matbuot anjumanida aytilishicha, O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi tashabbusi bilan 2,5 mingdan ziyod asalarichilar oilalari bahorgi-yozgi davrda Qirg‘iziston tog‘lariga vaqtinchalik olib chiqilib, qo‘shimcha 120 tonna tog‘ asali imtiyozli asosda respublikaga olib kirildi. So‘nggi uch yil ichida mum va mumni qayta ishlash sexlari soni 5tadan 12tagacha ko‘paytirildi.

Hasan Rahmatov

«Yakunlanayotgan yil uyushma va bankimiz ta'sischiligida lizing kompaniyasi faoliyati tashkil etildi. Buning natijasida tijorat banklarining krediti va lizing kompaniyaning o‘z mablag‘lari hisobidan lizing asosida asalarichilik uchun zarur uskunalar va inventarlar, asalari uyalari ishlab chiqarish texnologik liniyalari, asal qadoqlash uskunalarini lizing asosida yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.

Yil davomida sohani rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun 270 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratildi», dedi «Aloqabank» boshqaruvi raisi o‘rinbosari Hasan Rahmatov.

1 dekabr kuni Toshkent shahridagi «O‘zko‘rgazmasavdo» markazida «Asal bayrami» va asalarichilik mahsulotlari ko‘rgazma yarmarkasiga start berildi. Uchinchi bor o‘tkazilayotgan mazkur tadbir doirasida mamlakatning barcha viloyatlaridan 300dan ortiq asalarichilik sohasining eng ilg‘or vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Yarmarka 10 dekabrgacha davom etadi.

Home
0 / 60

WWW.ROL.UZ

Statok.netUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов