Hi, Guest!
Home
Login

Uyda – masofadan ishlash: asosiy qoidalar

Bu savol ko‘pchilikni o‘ylantiryapti. Biroq bir vaqtning o‘zida uyda – masofadan ishlash metodi aksar tashkilotlarda bir necha yillardan beri ishlatilmoqda va ommalashtirilmoqda, deb yozadi Jahon iqtisodiy forumi saytida Ian Sanders.

Hozir dunyoning ko‘p joylarida mahalliy hokimiyat vakillaridan tortib startaperlar va katta tashkilotlar ham xodimlariga uydan ishlashga ruxsat berishgan va buni qo‘llab-quvvatlashyapti.

«Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasi ta'siri qanchaga cho‘zilishi haqida hech kim bilmaydi va bu yana qanchalab odamni ish ofislaridan chiqishga majbur qilishi mumkin. Biroq yaxshi tarafi, xodimlar ishini tashkil qilishning yangi usullari ham paydo bo‘lishi mumkin.

Men hali juda kam odam uyidan turib ishlaydigan paytlarda – bundan 20 yil oldin uydan turib ishlashni boshlagan edim.

Boshida o‘ta ijtimoiy muhitdagi kompaniyada ishimni tashlab, uyda ish boshlashga o‘rganishim qiyin bo‘lgan. Bunda men o‘zimni juda yolg‘iz ham his qilganman.

Biroq 20 yil o‘tgach, men qanaqa qilib uyda ishlab turib ham kreativ, faol bo‘lish mumkinligini va ko‘p narsaga ulgurish mumkinligini o‘rgandim», – deb yozadi muallif.

Uning aytishicha, uy sharoitida ishlash uchun qilgan birinchi qarori – ish vaqtida televizorni o‘chirib qo‘yish bo‘lgan.

«Sizning ham birinchi marta uydan turib ishlashni qanday tashkil qilish haqida ko‘nikmangiz bo‘lmasligi mumkin. Buning uchun biror qo‘llanmaning o‘zi ham yo‘q, faqat o‘z yo‘lingizdan borishingiz kerak, xolos.

Bu – xuddi men 2000 yillarda reja qilganimga o‘xshash vaziyat. Bu yerda siz ham boshlashda foydalanishiningiz mumkin bo‘lgan ayrim qoidalarim bor.

Uyda ishlash uchun eng birinchi qoida bu – uyni tark etish! Bu ish kunlari doimiy belgilangan vaqtda toza havoga chiqishni anglatadi. Men har kuni «ishga boraman», ya'ni ish vaqtim boshlanishidan oldin ozgina toza havo olib kelaman.

Bunda tashqari, menda haftasiga ikki marta yugurishga chiqish odati bor», deb yozadi mualif.

Keyingi tavsiya esa uydagi narsalar o‘rnini almashtirib turish bilan bog‘liq. Oshxona stolidan ish stoligacha va hatto divanlarning ham o‘rnini almashtirib turish tavsiya qilinadi. Shu orqali uyda turlicha atmosfera bo‘lishiga va bir-biridan farqli topshiriqlarni bajarib turishga erishish mumkin.

Agar muttasil ishlash og‘irlik qilayotgan bo‘lsa, har bir ko‘chirish yangi muhitda sizga yangi imkoniyat va energiya beradi.

«Shuningdek, ish vaqti chegarasini aniq belgilab olish zarur. Chunki odam o‘ziga g‘amxo‘rlik qilishi ham kerak va ish uydagi odatiy hayotni cheklab qo‘ymasligi zarur.

Men ish stoli yotoqxonasida joylashgan bir frelanserni bilardim. Bu uning diqqatini yig‘ishga xalal berardi.

Shuning uchun ish vaqtingiz tugashini bildiradigan ma'lum qoidalar ishlab chiqing.

Albatta, ishdan qaytishda 60 daqiqa yo‘l bosib o‘tib, uyga qaytish bilan 10 sekundda boshqa xonaga o‘tib, oila bag‘riga qaytish orasida farq bor. Boshqa muhitga moslashish ikkinchi holatda qiyinroq.

Ish vaqti tugagandan so‘ng ozgina toza havoga chiqish ham yaxshi yordam beradi», – deydi Ian Sanders.

Bundan tashqari, uning taklif etishicha, diqqatni jamlagan holda bo‘lish va chalg‘ituvchi narsalarga e'tibor qaratmaslik ham muhim. Masalan, uyda muzlatgich, televizor, biror oila a'zosi, mushuk yoki qilinishi kerak bo‘lgan muhimroq uy yumushi bordir. Hammasiga ulgurish uchun bularni hisobga olish va hatto ayrim uy ishlarini tushlik tanaffusida qilib olish ham mumkin.

Lekin, muhimi, diqqat qaratilishi kerak bo‘lgan asosiy vazifani aniqlay olish.

«Uydan ishlash yolg‘izlikni his qilishga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ijtimoiy rejalar ham qiling. Masalan, ish jamoangiz bilan telefonda muloqot qiling va bu orqali ularga nafaqat loyihada siz ham ishlayotganingizni ko‘rsatasiz, balki masofadan ishlash borasida o‘zingiz ishlab chiqqan ayrim qoidalar bilan ham o‘rtoqlashasiz.

Bundan tashqari, kuningiz yaxshi o‘tishi uchun sizga nimalar kerak bo‘lishini bilish ham muhim. Sizda boshqalarga qaraganda qulaylik ko‘proqligini ham unutmang. Masalan, qulay kiyimda ham eng zo‘r vazifani uddalashingiz, ishdan keyin yoga bilan shug‘ullanishingiz yoki sevimli qo‘shiqlar albomini eshitishingiz mumkin.

Eng muhimi nima kerakligini bilish va kun davomida o‘shani uddalashga harakat qilish», – deyiladi maqolada.

Agar ayni paytda siz ham uyda ishlayotgan bo‘lsangiz, o‘z qoidalaringizni va mos ish tartibingizni ishlab chiqing.

Home
0 / 30

WWW.ROL.UZ

Statok.netUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов