Hi, Guest!
Home
Login
Sport Natijalari (Live)

«Katta zarar turgan paytda shariatdagi ba'zi bir hukmlar yengillashtiriladi»- Hasan domla Qodirov

Hozir hammamizga ma'lumki, koronavirus pandemiyasi hukm surmoqda va u hali bartaraf bo‘lganicha yo‘q. Bundan oldin O‘zbekiston musulmonlar idorasi raislari, muftiy hazratlarining karantin davrida jamoat namozlarini uyda o‘qish hamda juma namozining o‘rniga peshin namozlarini o‘qish to‘g‘risida fatvolari chiqqan edi.

Aslini olganda, juma namozi vojib, hayit namozining ham hukmi vojib. Shuning uchun fatvoning o‘zi ham hayit namoziga o‘z ta'sirini o‘tkazadi.

Shu bilan birgalikda, muftiy hazratlari bu yil hayit namozlari jamoat bo‘lib o‘qilmasligi to‘g‘risida fatvolarini chiqardilar.

Asosiy omillardan biri, dinimiz nima uchun kelgan? Dinimiz insoniyatga manfaat yetkazib, zararni ketkazish uchun kelgan. Ulamolarimiz, nafaqat Hanafiy mazhabi ulamolari, balki to‘rtta mo‘tabar mashab ulamolarining hammalari aytadiki, agar insoniyatga zarar keladigan bo‘lsa, ana shu zararni ketkazishning hukmi vojib bo‘ladi. Inson zararni qabul qilmasligi, unga qarshi kurashishi va shu zararning sabablari yo‘lini to‘sish musulmon bandaning zimmasiga vojib bo‘ladi. Shuning uchun ulamolarimiz ko‘p qoidalarni ishlab chiqqanlar, bu Qur'oni Karim va Hadisdan olingan qoidalar.

«Siroj Solih» jome masjidi imom-xatibi Hasan domla Qodirov

Bu qoidalarning biri shuki, foydani jalb qilishdan ko‘ra zararni ketkazish oldinga qo‘yiladi.

Qoidalardan yana biri, kichkina zarar bilan katta zarar ketkaziladi. Ya'niki, katta zarar bo‘lgan pandemiyada odamlar jamlansa, tezda yuqmoqda. Hattoki ba'zi bir mamlakatlarda kuniga yuzlab insonlar vafot etmoqda. Katta zarar turgan paytda shariatdagi ba'zi bir hukmlar yengillashtiriladi.

Xususan, hayit namozini o‘qish jamlanganda kasallikning yuqishi, odamlarga zarar bo‘lishi ehtimoli ko‘p bo‘lganligi uchun mana shu fatvolar chiqarilgan. Chiqarilgan fatvolar bizning dinimizning maqsadlari, asoslari va ruhiyatlariga to‘g‘ri keladigan fatvolar bo‘ladi. Shuning uchun yurtdoshlarimiz hech qanday taraddudga tushmasliklari kerak.

Misol uchun, hayit namozini o‘qishimiz kerak edi, bizga vojib edi degan tushunchalar bo‘lishi mumkin. Bu borada ular gunohkor bo‘lishmaydi. Chunki shariatning ko‘rsatmasiga muvofiq, fatvoga yurilyapti, zararning oldi olinyapti, aynan shariat ham shunga buyurganligi uchun, hayit namozini o‘qishmaganida gunohkor bo‘lishmaydi. Chunki shar'iy fatvo ular uchun hujjat bo‘lib turibdi.

Shariatda vojib bo‘lgan hayit namozini tark etishga fatvo berilgandan keyin, oddiy urf-odatlarimiz ham o‘z-o‘zidan chegarasiga tushishi lozim. Shar'iy bitta hukm yengillashganidan keyin oddiy urf-odatga aylangan narsalar yengillashishi va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi shart.

Hayit bayramini oilamiz davrasida ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazamiz. Lekin ba'zi bir odatlarimiz, ya'ni yaqin qarindoshlar holidan xabar olish, jamlanishlarni biroz cheklasak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v) aytadilarki, “Islomda zarar berish ham yo‘q, zararni qabul qilib olish ham yo‘q” deganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v) ning bu hadislari oltin qoidaga aylanib qolgan.

Xalqimizdagi hayit kunlari ta'ziya bo‘lgan xonadonlarga borib, ta'ziya izhor qilish, o‘tganlarni eslash odati bor. Aslida buni dinimiz ham qoralaydi.

Ollohga shukr bo‘lsin, bu yilgi Ramzon oyi ham fayzli, barakotli o‘tdi. Xonadonlarda xonadon ahllari taroveh namozlarini o‘qishdi, Ramazon ro‘zalari tutildi.

Mana shu oyda yurtimizda, qorilarimiz tomonidan 17 mingta xatmi Qur'on va duolar qilindi. Alloh bu amallarimizni o‘zi qabul qilgan bo‘lsin. Bir yurtda Qur'oni Karim qancha ko‘p o‘qiladigan bo‘lsa, u yurtga barakot kiradi, duolar ijobat bo‘ladi. Yurtimizni doimo har xil ofatlardan, balolardan, fitnalardan, barcha yomonliklardan o‘z panohida asrasin. Parvardigor el-yurtimizni tinch, xalqimizni farovon aylasin. Alloh hammamizga muborak Ramazon bayramini xayrli va barakotli qilsin. 

Home
0 / 22

WWW.ROL.UZ

Statok.netUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов