Hi, Guest!
Home
Login
Sport Natijalari (Live)

Fotojamlanma: Samarqandda shahar kuni qanday nishonlandi?

Shahar ko‘chalari bo‘ylab erta tongdan karnay-surnay sadolari yangradi va barchani bayramga chorladi.

Asosiy bayram tadbirlari Amir Temur maqbarasini ziyorat qilish bilan boshlandi. Ajdodlar ruhiga bag‘ishlab Qur'on tilovat qilindi. Amir Temur haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Samarqand shahri kuni munosabati bilan Alisher Navoiy ko‘chasida bir necha kundan buyon «Tabiat saxovati» arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 18 oktabr yarmarka faoliyati bilan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va boshqa rahbarlar ham tanishdi.

Samarqand shahrida «MAKON MALL» yirik savdo kompleksi o‘z ish faoliyatini boshladi

Samarqandda mahalliy va xitoylik tadbirkorlar ishtirokida «Bahor» savdo markazi qaytadan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy «MAKON MALL» savdo kompleksi barpo etildi. Loyiha qiymati 7 mln dollar bo‘lib, shundan 2 mln dollar – to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar.

Ochib berilgan majmuada jami yuzga yaqin savdo do‘konlari ishga tushirilib, shahar aholisi va mehmonlariga xizmat qilishga tayyor. Majmuada 200ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

Shu kuni Samarqand shahrida davlat-xususiy sherikchilik asosida qurilgan 2 qavatli Davlat xizmatlari markazining yangi binosi ham foydalanishga topshirildi.

Markazda 36ta qabul oynasi, elektron navbat tizimi uchun 18ta monitor o‘rnatilgan.

Shahar fuqarolik holati dalolatnomalari yozish bo‘limi, tadbirkorlar uchun bosh vazir qabulxonasi, investorlar xonasi, advokatura, notarius va sug‘urta bo‘limi, bank kassasi, haydovchilik guvohnomasini almashtirish hamda fuqarolik pasportini berish bo‘yicha shahar IIB xodimi xonasi ham mavjud.

Kunning birinchi yarmida shahardagi yangilangan Narpay ko‘chasi foydalanishga topshirildi. Bu ko‘cha Samarqand shahrining eng serqatnov yo‘llaridan biri. U shaharni Past Darg‘om, Nurobod tumanlari va qo‘shni viloyatlar bilan bog‘laydi.

Umumiy uzunligi 7 km bo‘lgan ko‘chaning 6,4 km qismiga asfalt yotqizilgan bo‘lib, uning atrofida piyodalar yo‘lagi, tungi yoritish chiroqlari, 6 ta zamonaviy avtobekat, 550 kv.m. maydonda avtoturargoh ham tashkil etilgan.

Samarqand tumani hududida umumiy maydoni 69,88 gektar, shundan 4 gektarida savdo kompleksi barpo etilishi rejalashtirilgan «Ko‘ksaroy Auto Mall» majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.

100 million dollar sarflanishi ko‘zda tutilgan va «Nurli kelajak ishonch servis» MChJ ta'sischiligida bunyod etilishi belgilangan mazkur majmuada 2200ta savdo do‘koni qurilishi belgilangan bo‘lib, 10 mingga yaqin kishining bandligini ta'minlash ko‘zda tutilmoqda.

Majmua 2022 yilning 1-choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

18 oktyabrda, shuningdek, Samarqand shahri, Oqdaryo va Jomboy tumanlarini bog‘lovchi ko‘prik ham foydalanishga topshirildi.

Shahardagi «Shirin» MFY hududidan oqib o‘tuvchi Oqdaryo ustida qurilgan yangi ko‘prik «Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish» UK tomonidan 3,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan. Uzunligi – 90 metr, eni – 7,5 metr, 100 tonnagacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega.

Samarqand shahridagi Afrosiyob ko‘chasi ham kapital ta'mirlanib, foydalanishga topshirildi.

Shaharning eng serqatnov yo‘llaridan biri hisoblanadigan Afrosiyob ko‘chasi orqali Toshkent trakt yo‘li bilan Samarqanddan Bulung‘ur va Jomboy tumanlari va viloyatlarga chiqib ketiladi.

Ko‘chaning umumiy uzunligi 1654 metrni tashkil etib, ta'mirlash ishlarida 29,2 ming tonna asfalt qoplamasi, 3108 metr lotok yotqizildi. 3108 metr piyodalar yo‘lagi qurildi. 1580 metr bordyur, 110 dona yoritish chiroqlari o‘rnatildi; ikkita zamonaviy avtobekat qurildi.

Shu paytgacha kanalizatsiya tizimi bo‘lmagan Afrosiyob ko‘chasiga kanalizatsiya tizimi o‘rnatish ishlari ham olib borildi.

Samarqand shahri kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlar Kimyogarlar shaharchasidagi «Nurafshon» san'at saroyi hovlisida boshlangan konsert dasturiga ulanib ketdi.

Fotosuratlar muallifi: Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmati, Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati, Baxtiyor Mustanov.

Home
0 / 40

WWW.ROL.UZ

Statok.netUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов