Hi, Guest!
Home
Login
Sport Natijalari (Live)

O‘zbekistonda shaxs o‘z salohiyatining necha foizidan foydalana olishi hisoblab chiqildi

Inson kapitali indeksi qanday aniqlanadi?

Bu yilgi indeksga 2020 yil mart oyigacha bo‘lgan ma'lumotlar kiritilgan. Indeks davlatlar o‘z fuqarolarining salohiyatidan qay darajada samarali foydalanayotganini o‘lchashga yo‘naltirilgan, bu orqali mamalakatda kelajak avlodga qilingan investitsiyaning samardorligini o‘lchash imkoni yaratiladi. Ta'lim va sog‘liqni saqlashga bo‘lgan e'tiborsizlik tufayli mamlakat qancha zarar ko‘rishi mumkinligi va bu zarar butun boshli kelajak avlodga salbiy ta'sir etishi ham tahlil qilinadi.

Inson kapitali insonlar umri davomida to‘plab boradigan bilim, ko‘nikma va salomatlikdan iborat, bular insonga jamiyatning kerakli a'zosi sifatida o‘z salohiyatini ruyobga chiqarishga imkon beradi.

Jahon banki ma'lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, aynan inson kapitali sifati davlatlarning iqtisodiy rivojlanish darajasidagi 30 foiz tafovutni belgilaydi.

«Inson kapitali indeksi» indeksi 3ta asosiy komponentdan iborat:

  • omon qolish darajasi (bugun tug‘ilgan bolaning 5 yoshgacha yashash ehtimoli),
  • ta'lim (ta'lim davomiyligi va sifati),
  • salomatlik (maktab bitiruvchilarini mehnat bozoriga mehnatga yaroqli sog‘lom inson sifatida chiqishi).

Bu komponentlar 6 ta ko‘rsatkich bo‘yicha: yangi tug‘ilgan bolaning 5 yoshgacha yashab qolish ehtimoli, ta'limning davomiyligi, ta'lim natijalari (bilim darajasi), sifatli ta'lim olish davomiyligi, voyaga yetgan bolalarning yashab qolish darajasi, sog‘lom o‘sish (nuqsonsiz rivojlanayotgan bolalar ulushi) qarab baholanadi.

O‘zbekistonda bir inson o‘z salohiyatini o‘rtacha 62 foiz qo‘llay oladi

O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marotaba 62 foizlik natija bilan ushbu indeks reytingiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ya'ni pandemiyagacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda tug‘ilgan bola o‘zining mahsuldorlik salohiyatini o‘rtacha 62 foiz qo‘llay oladi deb baho berilmoqda. MDH davlatlari orasida eng yaxshi natija Belarus Respublikasi (70 foiz), Rossiya Federatsiyasi (68 foiz) va Qozog‘istonda (63 foiz) qayd etilgan.

O‘zbekiston oldingi yillarda nega indeksda qatnashmagan?

Dunyo mamlakatlarida inson kapitalini baholash 1990 yillardan boshlangan. Keyinchalik uni aniqlash mexanizmlari takomillashtirilib, Jahon banki tomonidan 2018 yilda ilk marotaba e'lon qilindi. O‘zbekiston bu reytingdan o‘rin olish uchun bir necha yil oldin harakatlar boshlangan.

Jahon Banki sobiq prezidenti janob Jim Yong Kim davlatimiz rahbariga O‘zbekistonning Inson kapitali loyihasida ilk qaldirg‘och davlatlardan biri sifatida ishtirok etishini taklif etgan. Mazkur taklifga binoan O‘zbekistondan inson kapitali loyihasiga koordinatorlar etib Ta'lim inspeksiyasi hamda Xalq ta'limi vazirligi rahbarlari tayinlangan edi.

2018 yilda e'lon qilingan «Inson kapitali indeksi-2018» reytingida O‘zbekiston Respublikasining ma'lumotlari e'lon qilinmagan. Bunda O‘zbekiston tomonidan faqat sog‘liqni saqlash va iqtisodiy ko‘rsatgichlar taqdim etilgan va bu Jahon banki tomonidan qabul qilingan. Lekin 2017 yilgacha O‘zbekiston maktab o‘quvchilarining bilimini aniqlash uchun o‘tkazilgan monitoring ishlari xalqaro standartlarga mos emasligi sababli ta'lim sifati (o‘quvchilarning bilimini baholash) bo‘yicha taqdim etilgan ma'lumotlar qabul qilinmagan.

Ta'lim sifatini yaxshilash uchun qilinayotgan ishlar doirasida Xalq ta'lim vazirligi va Jahon banki bilan hamkorlikda O‘zbekistonni «Inson kapitali indeksi» reytingiga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Jahon banki vakillari O‘zbekistonning indeks tadqiqotlarida birinchi marta ishtirok etayotganini hisobga olib, indeks uchun ma'lumotlar tayyorlash va xalqaro reytingni aniqlash uchun tashkil qilinadigan sinovlarni o‘tkazishda Ta'lim inspeksiyasiga ishonch bildirildi.

2019 yilning noyabr oyida Jahon banki bilan hamkorlikda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda TIMSS xalqaro tadqiqotlari savollari asosida matematika bo‘yicha maktab o‘quvchilarining bilimini o‘rganish bo‘yicha sinovlar tashkil etdik. Ta'kidlash joizki, ushbu sinovlar uchun amaliy ko‘nikma va mantiqiy fikrlashni baholashga qaratilgan savollar xalqaro tan olingan testologlar tomonidan tuzib berildi. Mazkur sinovlarda qayd etilgan natijalar ham Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda inson kapitalini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarda foydalanildi. Bu albatta yagona indikator emas.

Jahon banki tomonidan o‘tkaziladigan o‘rganishlarda PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlari ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu sababli keyingi xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

62 foiz yaxshi ko‘rsatkichmi?

Jahon banki o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistonda yangi tug‘ilgan 100 nafar bolaning 98 nafari 5 yoshgacha yashab qoladi. Bola 18 yoshgacha 12 yillik formal ta'limni tamomlashi kutiladi. Natijalarga ko‘ra, o‘quvchilarning o‘rtacha bilim ko‘rsatkichi shkala bo‘yicha 474 ballni tashkil etdi. O‘quvchilar tomonidan olingan bilimlar miqdorini hisobga olgan holda bolalarda o‘rtacha maktab yillari 9,1 yilni tashkil etadi.

Yashab qolish ko‘rsatkichi bo‘yicha 15 yoshdagi bolalarning 87 foizi 65 yoshgacha umr ko‘rishadi. Sog‘lom o‘sish ko‘rsatkichlari bo‘yicha, mamlakatimizdagi 100 nafar bolaning 89 nafari sog‘lom o‘sishda muammolarga duch kelmaydi. 100 boladan 11 nafari esa rivojlanishda sustkashlikka uchrashi, kognitiv va jismoniy nuqsonlarga duch kelishi mumkin.

Jahon banki tadqiqotlarida standartlashtirilgan test natijalariga ko‘ra, o‘quvchilarning bilim ko‘rsatkichi 625 ball eng yuqori, 300 ball esa eng past ko‘rsatkich deb oladigan bo‘lsak, O‘zbekiston qayd etgan natijani tadqiqotlardagi birinchi ishtirok uchun yaxshi natija sifatida baholashimiz mumkin.

Ammo bu ko‘rsatkichlar 2019 yilning noyabr oyida bizning o‘quv dasturlarimizga yaqin bo‘lgan TIMSS xalqaro tadqiqotlari savollari bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlarda qayd etilgan natijalar asosida shakllangan. 2021 yilning aprel-may oylarida tajriba-sinov tariqasida, 2022 yilda esa asosiy tadqiqot sifatida o‘tkaziladigan PISA va 2021 yilning aprel oyida o‘tkaziladigan PIRLS tadqiqotlari natijalari indeksdagi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin. Chunki mazkur tadqiqotlar metodologiyasi O‘zbekiston ta'lim tizimidan ancha farq qiladi. Shunga qaramay, bu tadqiqotlarga ham yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rish uchun harakat qilinmoqda.

Kutilmaganda kelgan pandemiya barcha sohalarni, ta'lim tizimini ham qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Barcha davlatlar oldida insonlar salomatligini saqlash uchun ta'lim muassasalarini yopish yoki sifatni ta'minlash uchun an'anaviy ta'lim berishni davom ettirish kabi qiyin tanlov paydo bo‘ldi. Aksariyat dunyo davlatlari epidemiyani jilovlash uchun an'anaviy ta'lim o‘rniga masofaviy ta'limni yo‘lga qo‘yishdi. Butun dunyoda ham masofaviy ta'lim bevosita amaliyot talab etiladigan qiyin sohalarda qo‘llanilmaydi. Shuning uchun bu holat rivojlangan davlatlarni ham qiyin ahvolga solib qo‘ydi.

YuNeSKO tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, 2020 yilda 194ta mamlakatdagi ta'lim muassasalarining yopilishi 91 foiz o‘quvchi-talabalarga ya'ni 1.6 milliard ta'lim oluvchilarga o‘z ta'sirini o‘tkazdi.

Jahon bankining 157ta davlatdagi holatlar bo‘yicha tahlillariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi ta'sirida, ta'lim muassasalari taxminan 4 oy davomida yopiq holatda qolgan bo‘lib, masofaviy tarzda ta'lim olish sinfxonada yuzma-yuz o‘tilgan dars kabi samarali bo‘la olmasligi taxmin qilinmoqda. Masofadan o‘qitish barcha o‘quvchilar uchun birdek qulay emasligi, ularni nazorat qilish qiyinroq bo‘lishi, aloqa vositalaridagi muammolar sababli o‘quvchilar bilimi minimal ko‘rsatkichdan tushib ketish ehtimoli borligi, o‘quvchilarning bilimidagi va o‘qish muddatidagi yo‘qotishlar keyinchalik iqtisodiy daromadlarining ham pasayishiga olib kelishi mumkinligi aytildi.

Xususan, Jahon banki tahlillariga ko‘ra, mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sabab, maktablarning masofaviy tizimga o‘tkazilishi sohada 28 foizlik yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Buning obektiv sababi sifatida esa masofaviy o‘qitish an'anaviy dars kabi samarali bo‘la olmasligi, masofaviy o‘qitish barcha o‘quvchilar uchun birdek qulay emasligi, ta'lim sifatini nazorat qilish qiyinligi, mavjud sharoitlar va aloqa vositalaridagi muammolarni keltirish mumkin.

Jahon banki tahlillariga ko‘ra bolalar an'anaviy ta'limda o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan bilimlarning chorak qismidan ko‘prog‘ini o‘zlashtira olmagan. Agarda ushbu bo‘shliqni qoplash bo‘yicha zudlik bilan chora-tadbirlarni amalga oshirmasak, iqtisodiyot har yili o‘rtacha 425 million AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rishi mumkinligi aytilmoqda.

Bugun maktablarda ta'lim olayotgan bolalar ertaga inson kapitali sifatida mehnat bozoriga kirib boradi. Ayni shu vaqtda ta'limdagi bo‘shliqlar sababli, ular o‘z vazifalarini bajarishida ortiqcha ishchi kuchiga ehtiyoj sezadi. Bu o‘z-o‘zidan iqtisodiy yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, mazkur holat ta'limdagi qashshoqlikning ham oshishiga sabab bo‘ladi. Masalan, pandemiya tufayli joriy etilgan karantin choralari sababli, matematika bo‘yicha ta'limdagi yo‘qotishlarimiz 3 foizga oshdi. Ya'ni o‘zbekistonlik o‘quvchilarning matematika bo‘yicha o‘zlashtirishining pasayishi 48 foizdan 51 foizga yuqoriladi. Albatta, buning oldini olish uchun ham zarur choralar ko‘rilishi kerak.

Ulug‘bek Tashkenbayev,
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i.

Home
0 / 39

WWW.ROL.UZ

Statok.netUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов