Hi, Guest!
Home
Login
Sport Natijalari (Live)

«Juda ko‘p ota-onalar faqat bugunini o‘ylab yashayapti» - chekka qishloq o‘qituvchisi bilan suhbat

Kun.uz muxbiri olis hududlardagi fidoyi o‘qituvchilar haqida hikoya qilish uchun Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi eng chekka aholi punktlaridan biri – Bashir qishlog‘ida bo‘ldi.

E'tibor Quvondiqova

Qahramonimiz E'tibor Quvondiqova qishloqdagi 73-maktab filialida 15 yildan beri boshlang‘ich sinflarga dars berib keladi. Suhbatimiz tongda, ustozning uyidan maktabgacha birga yo‘l olganimizda boshlandi.

«O‘qituvchi bo‘lishdan tashqari onaman, uy bekasiman. Ertalab kunim nonushta tayyorlash va shu kabi boshqa odatiy yumushlar bilan boshlanadi. Tushki soat 2–3gacha maktabda bo‘laman, shuning uchun uydagi ko‘p ishlarni ertalab qilib qo‘yaman.

Chorva mollari, parrandalarga ham yemish beraman. Umuman olganda, ertalab soat 8:00gacha barcha ishlarni tugatib chiqishim kerak, chunki maktabga borgach, uyni «unutishga» to‘g‘ri keladi», – deydi E'tibor Quvondiqova.

– Uydan maktabgacha qancha vaqtda yetib borasiz?

– Dars soat 8:30da boshlanadi, hozir qish bo‘lgani uchun kechroq boshlanyapti. Odatda 8:15da boshlanishi kerak. Soat 7:50 yoki 8:00da uydan chiqsam, 15–20 daqiqada maktabga yetaman.

– Qishning sovuq kunlarida, yomg‘irli ob-havoda maktabga qanday borasiz?

– Turmush o‘rtog‘im mashinasida olib borib qo‘yishi mumkin. Lekin odatda o‘zim piyoda boraveraman. Yo‘lda bekor ketmaslik uchun o‘quvchilarim bilan fanlardan savol-javob qilib ketamiz. Ko‘p o‘quvchilarim bilan qo‘shni yashaymiz.

Bilasiz, qishloq bolasi dars qilishga vaqt topishi qiyin, chunki kun bo‘yi uy yumushlari, chorvaga qarash... Kechki payt bo‘shaganda esa elektr toki o‘chib qolishi mumkin. Ularga maktabga kelib ketganda vaqtlaringiz bekorga ketmasin, deyman. Shu sabab karra jadval, rus tili yoki ingliz tilidan yangi yodlangan so‘zlarni o‘zaro savol-javob qilib ketishlarini maslahat beraman.

***

Suhbatimiz maktabdagi darslardan so‘ng sinfxonada davom etdi.

– Ishga kirgan vaqtim o‘rta maxsus ma'lumotga ega edim. 2006 yil SamDUda ochilgan boshlang‘ich ta'lim yo‘nalishining maxsus sirtqi bo‘limida o‘qidim. 2009 yilda o‘qishni tamomlab, o‘shandan beri shu maktabda boshlang‘ich ta'lim o‘qituvchisiman.

– Kasbingiz mashaqqatli, qishloqda bu qiyinchilik ikki karra oshadi. Shunday emasmi?

– Qaysi tomondan qarashingizga bog‘liq. Ishingizni yaxshi ko‘rsangiz, qishloqda ham qiyin emas. Lekin qishloqda sharoit to‘g‘ri kelmasligi mumkin, istagan yangilikni istagan vaqtda ololmasligingiz mumkin. Kasbingizni sevsangiz, bu kabi muammolar xalaqit bermaydi.

– Mana shunday muammolardan qanday chiqib ketasiz?

– Dam olish o‘rniga darsga tayyorlanishga harakat qilamiz. Ishdan tashqari vaqtda shug‘ullanamiz. Uyda darsga tayyorlanishga vaqt bo‘lmasa, maktabda qolib tayyorlanishga to‘g‘ri keladi.

Undan tashqari, o‘quvchilarni darsga qiziqtirish uchun ota-onalar bilan ko‘proq ishlashga harakat qilamiz.

O‘zim o‘qituvchilar oilasidan chiqqanman. Ota-onam, singillarim ham o‘qituvchi.

– Birinchi marta shu maktabda dars berishingizni bilganingizda xayolingizdan nimalar o‘tdi?

– O‘sha paytlari ancha yosh bo‘lganman. 2003 yilda texnikumni bitirib, turmush qurib, umuman boshqa sharoitda yashashga moslashayotgan vaqtlarim edi. Qo‘rqish nimaligini bilmasdim, sharoitlar haqida to‘liq tasavvurga ega emasdim. Qiziqish kuchli bo‘lgan.

O‘zim asli tuman markazidanman. Bu qishloq odamlari esa oldingi yashagan joyimdagidan umuman boshqacha: sodda, ko‘ngilchan, to‘pori. Ularning bir-biriga munosabati menga qiziq tuyulgan boshida.

Ishga endi kelgan vaqtlarimda o‘quvchilar bilim olishga, oliy ta'limga unchalik qiziqishmasdi. Maktabni bitirib, bog‘dorchilik, chorvachilik qilib kunini ko‘rib ketaverishardi. Boshqa hududlardan odamlar ko‘chib kelib, sekin-astalik bilan yoshlarda kasblarga nisbatan qiziqish ortib boryapti. Hozirga kelib, ko‘plab bitiruvchilarimiz yaxshi-yaxshi sohalarda faoliyat olib borishyapti.

Avvallari hech kim farzandini repetitorga bermasdi, hozir esa OTM kirish imtihonlariga 4–5 yildan beri tayyorgarlik ko‘rayotgan o‘quvchilar bor.

– Qishloqdagi pedagogik faoliyatingizda sizni nimalar ko‘proq o‘ylantiradi, tashvishlantiradi?

– Meni juda ham tashvishlantiradigan holat – ota-onalarning o‘z farzandlari taqdiri, kelajagiga befarqligi.

Sinfimda 21 nafar o‘quvchi bor. Ular 21 ta oila farzandlari. Atigi 5–6 nafar ota-ona qanday dars o‘tishimga qiziqib, farzandi o‘qishi haqida tez-tez so‘rab turadi. Qaniydi, barcha ota-onalar farzandi taqdiri haqida qayg‘ursa.

Ota-onalar majlisi o‘tkazib, o‘quvchilarimning uylariga borib, ko‘proq ota-onalarni jalb qilishga harakat qilyapmiz. Ota-onalar nima uchun bolalariga befarq, degan savol meni juda o‘ylantiradi.

– Ota-onalarning o‘zlari bilan bu masalada gaplashganmisiz? Bolalariga e'tiborsizlik sababi nima?

– Odamlarda kayfiyat tushkun. Odamlar o‘zlarining yashash tarzlariga o‘rganib qolishgan. Bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi, chorvasi bor. Haftada bir kun bozorga borsa, kuni o‘tyapti. Farzandlari kelajagini ham shunday tasavvur qilishadi.

Zamon o‘zgarayotganini tushunayotgan ota-onalar juda kam. Ko‘pchilik ota-onalar bolasi bir amallab maktabni bitirsa, dehqonchilik bilan shug‘ullansa bo‘ldi, deb o‘ylashadi. Bugungi kun tashvishi bilan yashayotgan ota-onalar juda ko‘p.

– Odamlarda kayfiyat tushkun deyapsiz. Nega unday?

– Ota-onaning topayotgan daromadi oilani boqishga, orzu-havaslarini amalga oshirishga yetmayapti. Bilasiz, qishloq oilalarining har birida kamida 4 nafardan farzand bor. Ota-onalarning ko‘pchiligi shu farzandlarni moddiy tomondan ta'minlashga harakat qilishyapti. Yangiliklar, rivojlanish haqida o‘ylashga ularning vaqti yo‘q.

– O‘qituvchi sifatida buni o‘zgartirish uchun nima qilishim kerak, deb o‘ylaysiz?

– TVda seriallarni kamaytirish kerakdir, balki. Yaqinda Toshkent Yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi, shunaqa tadbirlarni maktablarda ham uyushtirish, qishlog‘imizda o‘qib, shaharda qolgan malakali kadrlarimizni shu yerga jalb qilish, mahallada boshqaruv tizimini qaytadan o‘ylab ko‘rishimiz zarur, degan fikrdaman.

– Bilim olishni istagan, ammo ota-onasi bunga yo‘l qo‘ymaydigan bolalarni ko‘rganingizda, qanday ichki kechinmalarni boshdan o‘tkazasiz?

– Vaqti keladi: ota-ona bundan afsuslanadi. Kun kelib, farzandingiz sharoit yaratib bermaganingiz uchun o‘qiy olmadim, deyishi mumkin, deb aytaman ularga. Vaqt o‘tgach, siz qilayotgan yumush bilan oila boqib bo‘lmasligi mumkin.

– Rasmiylarning aytishicha, o‘qituvchilar ishida qog‘ozbozlik ancha kamaytirilibdi. Siz buni sezyapsizmi?

– Ha. Avvallari har bir darsga 2 varaq konspekt yozardik. O‘qituvchining bir kunda 3–4 soat darsi bo‘ladigan bo‘lsa, kamida 7–8 varaq konspekt yozishimizga to‘g‘ri kelardi.

To‘g‘ri, konspektga kerakli ma'lumotlarni yozadigan bo‘lsak, unumli foydalansak bo‘ladi darsda. Lekin har doim ham unday bo‘lmasdi. Yuklamalar ham yozardik. Ularning barchasi olib tashlandi. Bu bizga darsdan tashqari qo‘shimcha manbalardan izlanishga, olgan ma'lumotlarimizdan darsda foydalanishimizga imkon berdi.

Ilgari ota-onalar daftari, konspekt, yuklamalardan bo‘shamay, kitobdan bor narsani o‘rgatardik. Hozir hayotda uchraydigan masalalarni ham darsda muhokama qila olyapmiz.

– Darsga tayyorgarlik ko‘rayotganda qaysi manbalardan izlanasiz, Internetga ham murojaat qilasizmi?

– Ijtimoiy tarmoqda pedagoglar, boshlang‘ich ta'lim o‘qituvchilari guruhlariga a'zoman. Hamkasblarimning tajribalari bilan tanishib boraman. Undan tashqari, «Mahalla», «Ma'naviyat va ma'rifat» telekanallarida namoyish etiladigan foydali ko‘rsatuvlardan darslarda foydalanishga harakat qilaman.

– Sizda shaharda yashab, ta'lim berish fikri ham bo‘lganmi?

– Ha, bo‘lgan. Shaharda ishlashga unchalik qiziqmayman, chunki u yer mensiz ham rivojlanadi. Shaharda o‘z ustida ko‘p ishlaydigan malakali pedagoglar juda ko‘p. Lekin bu yerda oddiy o‘qituvchiga ham talab juda katta.

Bu yerda ta'lim berishning afzalligi shundaki, qishloq bolasi oqko‘ngil bo‘ladi. O‘qituvchini juda hurmat qiladi. Shaharda yashaydigan bolalar undaymas. Shaharda dars berganman, o‘quvchilar bilan ko‘p suhbatda bo‘lganman. Shahar bolasi zamon haqida ijobiy va salbiy fikrga ega. Qishloqda esa bolalar hayotning ijobiy tarafinigina ko‘rishadi. Rivojlanish, o‘sish haqida o‘ylashadi. Ularning orzulari beg‘ubor.

Shahar bolasi foydali narsalar bilan birga zararlilarini ham ko‘p kuzatadi. Qishloqda bu nisbatan kamroq. Bolalar odamlar, ota-onasining mehnat qilayotganini ko‘rib o‘sadi. Tungi klublar-u, shu kabi boshqa zararli mashg‘ulotlarga vaqti ham, imkoniyati ham yo‘q.

– Bugun qishloq o‘quvchisi nimalarni o‘ylaydi?

– O‘quvchilarim ko‘pincha qishloqda ro‘zg‘or ishlari ko‘pligidan shikoyat qilishadi. Haqiqatan ham, otasi dehqonchilik bilan shug‘ullansa, onasi uy bekasi bo‘lib ro‘zg‘or ishlari bilan andarmon. Oilalarning bog‘i, chorvasi bor.

Undan tashqari, o‘quvchilarim TVda ko‘rganlaridek zamonaviy maktablarda o‘qishni xohlashadi. «Ustoz, shahardagidek uylarimiz issiq bo‘lsa, uy ichida ham yengil kiyinib yursak», deb orzu qilishadi. Loyni yomon ko‘rishadi, ko‘chalar ravon, toza bo‘lishini xohlashadi.

Bolalarga xos orzular qilishadi. Kimdir raqqosa, jurnalist bo‘lgisi keladi, ammo ota-onasiga aytolmaydi.

Bugungi kun bolasi kechagidan farq qiladi. Ilgari bolalarni mana bu she'rni yodlagin, deb aldab qo‘ysa bo‘lardi. Hozir esa she'rni qanday tushunish kerakligi, qanday qo‘shimcha adabiyotlar o‘qish mumkinligini aytmasangiz, darsga qiziqtira olmaysiz.

– O‘quvchilaringiz yaxshiroq ta'lim olishi uchun nimalar bo‘lishini xohlaysiz?

– Birinchi o‘rinda zamonaviy axborot texnologiyalaridan xabardor bo‘lgan, keng fikrli, oliy ma'lumotli, xorijiy tillarni biladigan o‘qituvchilar kelib dars berishlarini xohlardim.

Hamma maktabda musiqa asboblari bo‘lsa. Musiqaga qiziqqan bolalardan hech qachon yomonlik chiqmaydi.

O‘quvchilarim rasm chizishga ham juda qiziqishadi. Ularga rasm chizib kelishlarini har doim ham aytavermayman. Lekin ular buni xohlashadi. Chunki bolalar o‘z his-hayajonlari, o‘y-fikrlarini rasm chizish, kuy-qo‘shiqlar bilan yetkazishga harakat qilishadi.

Maktabimizda musiqa asboblari, musiqa o‘qituvchilari bo‘lishini xohlardim. Lekin hozir bizda bunga sharoit yo‘q.

– Bu yerda bizning e'tiborimizni tortgan jihat – maktabda elektr tokining yo‘qligi bo‘ldi. Bulutli kunlarda dars o‘tishga qiynalmaysizmi?

– Har joyning ham o‘ziga yarasha past-balandi bo‘ladi. Bu yerda ham shunday. Elektr toki yo‘qligi uchun derazalarga parda tutmaganmiz, chunki yorug‘lik to‘silib qoladi. Xona issiqligini saqlash uchun derazalarga sellofan qoqilgan.

– Orzu-maqsadlaringiz haqida gapirib bersangiz.

– Ko‘p yillardan beri pedagogik faoliyat olib borayotgan, el-yurt ichida hurmatga ega faxriy o‘qituvchilarimiz bor. Men ham ularga o‘xshab odamlar mehrini qozonishni orzu qilaman.

Qayerda bo‘lsam ham kimgadir kerakli inson bo‘lsam, mendan kimdir yorug‘lik ololsa, deyman. Mol-u dunyo, davlat – o‘qituvchining orzusi emas.

– Oyligingiz qancha?

– Juda ko‘p. O‘zimga yetadi. Hozir 1 mln 800 ming so‘m olyapman.

– Bu mablag‘ sizni qoniqtiradimi?

– Ehtiyojingizga qarab sarflasangiz, qoniqtiradi. Oyligim yetib turibdi, ro‘zg‘orim uncha katta emas. Darsimni yaxshi o‘tsam, o‘quvchilarim maktabdan xursand, mamnun bo‘lib ketishsa, bolalar o‘tgan darsimning hech bo‘lmaganda 50 foizini o‘zlashtirishsa, shundan quvonaman.

– Orzungizdagi maktab qanday bo‘ladi?

– Orzumdagi maktab unchalik katta bo‘lishi shart emas. Bola maktabga o‘zi xohlab, qiziqib kelishi kerak. Shunga yarasha maktabda o‘quvchilarning bir daqiqasi ham bekor o‘tmasligi kerak. Hech bo‘lmasa boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun issiq ovqat pishirib beradigan oshxona bo‘lishini xohlardim.

Yana sport zali, stadion bo‘lishi kerak. Izlagan metodik qo‘llanmangizni topa oladigan kutubxona, kompyuter xonalari, musiqa asboblari bo‘lsa deyman.

***

Murabbiydan tashqari maktab o‘quvchilarini ham suhbatga tortdik. Ularning darslari, shart-sharoitlar, o‘y-xayollari bilan qiziqdik. Batafsil yuqoridagi video orqali tomosha qiling.

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Home
0 / 30

WWW.ROL.UZ

Statok.netUptime по данным Ping-Admin.Ru - сервиса мониторинга доступности сайтов